Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:00 / 2025-02-06

Qarshi shahridagi Axborot texnologiyalari va menejment universitetida “Milliy liboslar kuni” o‘tkazildi. Universitetning boshlang‘ich tashkilot koordinatorlari va talabalar milliy kiyimlarda o‘zligimizni tarannum etdi.

Atlas va adras liboslar, milliy bosh kiyimlar universitet muhitiga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Chunki milliy libos – bu nafaqat kiyim, balki xalqimiz tarixi va qadriyatlarining yorqin timsolidir.  

***  

Qashqadaryo viloyat hokimi M.Azimov viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Abror Ahmedov va tegishli mas’ullarning yoshlar bilan ishlash borasida amalga oshiradigan joriy yilgi taqdimoti bilan tanishdi.  

Ma’lum bo‘lishicha, yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ulkan rejalar olingan. Yil yakuniga qadar 29 ming 804 nafar yoshning turli yo‘nalishlarda bandligi ta’minlanadi. Shundan 1 ming 400 nafar yoshlar Monomarkazlarda o‘qitish orqali kasb-hunarga yo‘naltiriladi.  

Yoshlarning iqtidorini yuksaltirishga qaratilgan qator loyihalar ham viloyat hokimi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, 333 ming nafar yoshlar iqtidorlarini yuzaga chiqarishga qaratilgan loyihalarga jalb qilinadi. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yoshlar bog‘larini tashkil etish davom ettiriladi.  

Shu bilan bir qatorda 700 ming nafar yoshlar turli vatanparvarlik loyihalari bilan qamrab olinadi.  

Viloyat hokimi taqdimot yakunida mazkur loyihalarni ma’qullab, yana bir qator o‘z takliflarini ham o‘rtaga tashlar ekan, yoshlar taqdiri bilan bog‘liq har qanday kelajagi bor loyihani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.  

***

Xitoyning “Jingu” korxonasi Mirishkor tumanidagi “Do‘stlik” hududidagi 3 ming gektar maydonda ish boshlab, og‘ir iqlim sharoiti sabab kam hosil beruvchi yerlar samaradorligini oshirib, foydalanishga kiritish maqsadida amaliy ishlarni davom ettirmoqda.  

Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari Shohjahon To‘rayev hududda bo‘lib, jarayonlar bilan tanishdi.  

Xususan, hududda 185 kilometr suv tarmoqlari tortilib, 85 ta chuqurligi 80 metrdan ortiq quduqlar qazilishi reja qilindi. Qisqa muddatda 20 dan ortiq quduqlar qazilib, 80 kilometr suv yo‘llari tayyorlandi.  

Investitsiya sohasidagi ushbu loyihalarning umumiy qiymati 2025-2026 yillar hisobiga 70 million AQSH dollari bo‘lib, joriy yilda 30 million dollar o‘zlashtiriladi. Bugungi kunga qadar, ya’ni yanvar oyining o‘zida 2,4 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirildi.  

Shuningdek, 1,1 ming gektar maydon shudgor qilinib, chigit ekishga tayyorlandi.  

***

Chiroqchida Germaniyada o‘qish va ishlash istagida bo‘lgan yoshlarga malakali mutaxassislar tomonidan saboq berilmoqda.

Tuman markazidagi 3-sonli politexnikum binosida 62 nafar chiroqchilik yosh maxsus o‘quv kurslarida tahsil olmoqda.  

Tuman hokimi Fayzulla Yusupov nemis tili o‘quv kursida ta’lim olayotgan yoshlar uchun u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, tinglovchilar bilan suhbatlashdi.  

Shuningdek, kurs tinglovchilari uchun psixolog maslahati yo‘lga qo‘yilishi va O‘zbekiston tarixi fani ham o‘tilishi rejalashtirilmoqda.  

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri