English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:08 / 2025-01-31

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida Prezidentimiz tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida ko‘plab ishbilarmonlar yangi loyihalarga qo‘l urmoqda. Bu nafaqat tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirishga, balki aholining bandligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Xususan, Muborak tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayol Nodira Berdiyeva tomonidan “Qandolatchilik sexi”, “Fitness Klub” va “Biolaboratoriya” xonasini o‘z ichiga olgan “Chimyon Ekspress” MCHJ tadbirkorlik markazi ishga tushirilgan edi.   

Ammo bu bilan cheklanib qolmagan ishbilarmon ayol hozirda qiymati 4 milliard so‘mlik yangi loyiha ustida ish olib bormoqda. Davlat aktivlari savdosidan bo‘sh yer maydonini xarid qilib, mazkur hududda yiliga 1 million dona gul yetishtirishni rejalashtirmoqda.   

Ayni paytda u 20 nafardan ortiq xotin-qizni ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, kelgusida bu ko‘rsatkichni 100 nafardan ziyodga yetkazishni reja qilmoqda.   

***   

Viloyatning Nishon tumanida Oltiariq tajribasi asosida sanoatlashtirilgan tokzorlar barpo etilishi agrar soha rivoji va yangi bozor mexanizmlarining joriy etilishi uchun muhim qadam hisoblanadi. Bunday loyihalar qishloq xo‘jaligini samarali va daromadli sohalardan biriga aylantirishga xizmat qiladi.   

Bu tashabbus doirasida 5000 tup uzum ko‘chati olib kelinib, 5 gektar maydonga ekish ishlari boshlab yuborildi.   

Ma’lumotlarga ko‘ra, ekilgan uzum ko‘chatlari 1 yil ichida hosilga kirib, har gektardan 50 tonnadan ortiq hosil olinishi mumkin.   

***   

Qarshi shahridagi Yoshlar markazida Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Rustam Qarshiyev, Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Foziljon Siddiqov va Qarshi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Qurbonov ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.   

Tadbirda viloyatdagi suv xo‘jaligi tizim tashkilotlarida mehnat qilayotgan 120 nafar yosh mutaxassislar hamda uzoq yillardan beri ushbu sohada faoliyat yuritib kelayotgan rahbar va faxriy suvchilar ishtirok etdi. Unda tashabbuskor va faol yoshlar so‘zga chiqib, suv xo‘jaligi tizimini yanada rivojlantirish borasida o‘z taklif, g‘oyalarini o‘rtaga tashladi.   

Ishtirokchilarga Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan kitoblar to‘plami taqdim etildi.   

Tadbir “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida  “Yashil belbog‘” aksiyasi bilan yanada mazmunli davom etdi. Rahbar va yosh suvchilar birgalikda “Yosh suvchilar bog‘i”ni tashkil etish maqsadida 200 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdi.   

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri