Bugungi kunda yurtimizda, xususan, Qashqadaryo viloyatida ham IT sohasiga katta e’tibor qaratilib, vohamiz yoshlari uchun ko‘plab sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov viloyatga tashrif buyurib, jarayonlarni ko‘zdan kechirdi. Yoshlar bilan uchrashdi.


Tashrif davomida xizmat ko‘rsatish va faoliyat turlarini yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar berildi.
***
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Zakovat” turnirida g‘oliblar aniqlandi.

Murosasiz raqobat ostida o‘tgan musobaqa yakunida Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi jamoasi g‘olib bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida g‘olib jamoa a’zolari hisoblangan o‘quvchilarning har biriga bir o‘quv yili davomida har oy “Zakovat” stipendiyasi to‘lab boriladi. Shuningdek, ushbu jamoalar a’zolari oliy ta’lim muassasalariga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi.
***
Yakkabog‘lik fidoyi Abdinabi G‘iyosov tomonidan qurib bitkazilgan qariyb 40 milliard so‘mlik “Yakkabog‘ Eko Siti” savdo majmuasining ochilish marosimi o‘tkazildi.

Tadbirni ochib bergan viloyat hokimi Murotjon Azimov ta’kidlashicha, majmua 600 ta savdo rastalari, 120 dan oshiq savdo do‘konlari, bolalar, yoshlar uchun ko‘ngilochar maskanlarni o‘z ichiga olgan. 700 ta ish o‘rni yaratilgan.

Ochilish marosimida elimiz sevgan san’atkor va qiziqchilar ishtirokida konsert dasturi ham tashkil etildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri