Oqsuv daryosi bo‘ylab 10 kilometr uzunlikda piyodalar va veloyo‘lak qurish ishlari jadal olib borilmoqda.
“Shahrisabz turistik markazi”da qurilayotgan ushbu piyodalar va veloyo‘lakda hozir 10 kilometr uzunlikda yer ishlari hamda 9 kilometr betonlashtirish ishlari bajarildi.
Bundan tashqari, “Qora daryo” va “Oqsuv daryosi” ustiga 20 metr uzunlikda piyodalar o‘tishi uchun 3 ta ko‘prik o‘rnatilib, daryo bo‘ylab jami 5 ta ko‘priklarni qurish rejalashtirilgan.


***
Qarshi-Shahrisabz yo‘lidan o‘tayotganda yo‘lning chetida non sotayotgan opa-singillarga ko‘p marotaba guvoh bo‘lganmiz. Bu holat sanitariya talablariga javob bermasligi va yo‘l harakati qoidalariga xalaqit berishi bilan birga, issiq yoki yomg‘irli kunlarda non sotuvchilarga qiyinchiliklar tug‘dirardi.
Shu sababli, Qarshi-Shahrisabz yo‘lida “Non markazi” tashkil etildi. Ushbu markaz non sotuvchi opa-singillarga qulay sharoit yaratibgina qolmay, balki yo‘l harakati xavfsizligini ham ta’minlashga xizmat qilmoqda. “Non markazi” orqali endi xaridorlar ham sanitariya talablariga muvofiq va qulay sharoitda sifatli non xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


***
Viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi, Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlar markazi (ICARDA) va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda innovatsion usulda “Selxona tashkil etish” grant loyihasini amalga oshirmoqda.
Mazkur pilot loyiha Qamashi tumanining Qishliq va Qizil qishloq mahallalarida jami 9 gektar yer maydonida tashkil etilmoqda.
Loyiha doirasida lalmi yer maydonlarida tabiiy qor, yomg‘irlardan hosil bo‘ladigan suvlarni bir joyga jamg‘arish hisobiga o‘simlik dunyosini yaxshilash va shu orqali bog‘dorchilik plantatsiyalarini barpo etish hamda tuproq yemirilish eroziyasini oldini olishga erishiladi.
Ushbu tajriba bosqichma-bosqich viloyatimizning boshqa tumanlarida ham joriy qilinadi.


***
Joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Kitob tumanida ham bir qator amaliy ishlar davom etmoqda. Xususan, tumandagi 15 ta mahallada jami 18 ta (100-400 kVa quvvatdagi) yangi transformator o‘rnatildi. 80 dan ortiq mavjud transformatorlar kapital ta’mirdan chiqarildi.
Hududlarda 40 kilometr uzunlikdagi yangi tarmoq tortilib, 170 kilometrdan ortiq elektr liniyalari to‘liq ta’mirlandi, 1000 dan ortiq beton ustunlar o‘rnatildi.


Bundan tashqari, tumandagi 4 ta nimstansiyaning quvvati oshirildi. Jumladan, “Kitob” nimstansiyasida 10 ming kVa quvvatdagi transformator o‘rniga 25 ming quvvatga ega transformator olib kelib o‘rnatildi. Shuningdek, “Hayrabod” nimstansiyasi quvvati 2,5 mingdan 6,3 mingga, “Gulshan” nimstansiyasi 1,6 mingdan 4 mingga, “Palandara” nimstansiyasi 1,6 mingdan 2,5 ming quvvatgacha oshirildi. Qilingan mazkur ishlar natijasida tumandagi 30 dan ortiq mahallalar hamda ulardagi 26 mingdan ziyod iste’molchilarning elektr ta’minoti yaxshilanishiga erishildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri