Shahrisabz tuman hokimi Samad Hasanov oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ekilgan sabzavot mahsulotlarining ayni paytdagi holatini o‘rgandi.
Tumandagi Xalqobod mahallasida 20 gektar maydonga 40 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanib, pomidor ekilgan edi. Bugun ushbu hosillar o‘zining foydasini bera boshladi.

– Bir kunda 3-3,5 million so‘mlik pomidor sotyapmiz, – deydi Xalqobod mahallasida yashovchi Nargiza Shukurova. – Ikki o‘g‘lim 40 sotixdan 80 sotix joyga pomidor ekdi. O‘tgan yili daromadidan “Damas” avtomobilini sotib oldik. Bu yil esa uy quryapmiz.
Tuman hokimi pomidor yetishtirish hadisini yaxshi o‘zlashtirgan xalqobodlik dehqonlar bilan uchrashib, kelgusida yengil konstruksiyali zamonaviy savdo rastasi qurish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.

***
BAAning “Masdar” kompaniyasi vakillari quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 75 Mvt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etish yuzasidan Qamashi tumanida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda qurilish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.


***
Yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarini Qarshi davlat universiteti filologiya fakulteti 10-sonli talabalar turar joyida yashaydigan yoshlar quvonchli yangilik bilan qarshi oldi.

Gap shundaki, universitet rahbariyatining sa’y-harakati bilan qisqa fursat ichida bunyod etilgan 60 o‘rinli oshxona foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan ochilish marosimida so‘z olganlar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan mazkur shinam oshxona talabalar ehtiyojini to‘liq qondirishini e’tirof etdi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri