English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:52 / 2024-07-31

Shahrisabz tumanidagi olis tog‘li G‘elon qishlog‘ida sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Mazkur qishloqda yashovchi tadbirkor G‘ayrat Sadrqulov yaqinda 2 qavatli, zamonaviy imkoniyatlarga ega xostel xizmatini yo‘lga qo‘ydi.  

Ushbu sub’ekt bir vaqtning o‘zida 20 nafar sayyohni qabul qilish quvvatiga ega. Tadbirkor ushbu xostelni barpo etishda o‘z mablag‘lari hisobidan 250 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarfladi.  

Qolaversa, G‘elonda ayni paytda 5 ta xostel, 11 ta uy mehmonxonasi, 30 ga yaqin dam olish maskanlari mavjud. Ayni mavsumda G‘elon qishlog‘iga kuniga 500 nafardan 700 nafargacha sayyoh tashrif buyurmoqda.  

***  

Qashqadaryo viloyatida germaniyalik hamkorlar bilan yangi o‘quv markazi tashkil etildi.  

Ushbu loyiha Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov va Shveysariyaning “Globogate concept AG.” tashkiloti menejeri Yoxanes Meyer o‘rtasida imzolangan kelishuv asosida amalga oshirildi.  

O‘quv markazi Qarshi shahridagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida joylashgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlarini nemis tiliga o‘qitishdir. Bu markaz nafaqat tibbiyot xodimlarining til bilimini oshirishga, balki ularni Germaniya klinikalariga ishga jalb qilishga ham yordam beradi.  

Kelishuvga ko‘ra, markazda zamonaviy o‘quv usullari va texnologiyalari qo‘llaniladi. Bu esa tinglovchilarning bilim va malakasini yanada oshirishga xizmat qiladi. Germaniyadan kelgan mutaxassislar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi va mahalliy o‘qituvchilarni ham o‘qitadi. Bu esa viloyatdagi tibbiyot xodimlarining malakasini xalqaro darajada oshirishga ko‘maklashadi.  

***  

Bojxona xodimlari tomonidan sifati kafolatlanmagan biofaol qo‘shimchalarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.  

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda navbatdagi qonunbuzarlik holatining oldi olindi.  

Qarshi shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro S.N.ning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechiriladi. Xonadonda kelgusida qayta sotish maqsadida, xorijda ishlab chiqarilgan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 716,5 million so‘mlik 31 turdagi jami 7107 quti biofaol qo‘shimcha va dori vositalarini noqonuniy ravishda saqlab kelinganlik holati fosh etildi.  

Hozirda mazkur holat bo‘yicha bojxona surishtiruv ishlari olib borilmoqda.  

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri