Qashqadaryo viloyatida paxta yig‘im- terim mavsumi uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda. Maqsad yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmay tez fursatlarda yig‘ishtirib olishdir.
Agrotexnik tadbirlarni vaqtida bajarib, g‘o‘zani sifatli parvarish qilgan dehqonu fermerlar terim mavsumining dastlabki kunlaridan yuqori marralarni zabt eta boshladi.
Xususan, viloyatning Mirishkor tumanida faoliyat yuritayotgan “Nasl chorva ko‘zgusi” MCHJ rahbari Shuhrat Bozorov viloyatda birinchilardan bo‘lib shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardi.

MCHJ 15 gektar dalasida paxta yetishtirib, davlatga 51 tonna hosil sotishni reja qilgan edi. Jamiyat a’zolari amalda 58 tonna hosil topshirib, terimga ixtiyoriy jalb etilgan mahalliy aholi ko‘magi bilan 3 ish kunida birinchi terimdayoq rejani ortig‘i bilan bajardi. Hali g‘o‘zalarda ko‘saklar mo‘l.
Yig‘im-terim mavsumi davom etmoqda.
***
Hududlarda ijtimoiy soha ob’ektlari ochilishlari davom etmoqda. Jumladan, kuni kecha viloyatning Kitob tumanida yana bitta maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi.


Ta’kidlash lozimki, tumanning “Paxtaobod” MFYda joylashgan 10-sonli umumta’lim maktabining ancha yildan buyon foydalanilmay kelinayotgan bo‘sh binosi bugun yana ta’lim-tarbiya maskani sifatida qayta yuz ochdi. Mahalliy tadbirkor Dilnoza Rajabova tomonidan mazkur bino ijaraga olinib, qisqa vaqt ichida ta’mirdan chiqarildi hamda 50 o‘rinli oilaviy bolalar bog‘chasiga aylantirildi.
***
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov mahallalarda tashkil etilgan “beshlik”ni o‘z hududida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish borasida qilgan ishlari hamda eng yaxshi takliflari uchun rag‘batlantirishini ma’lum qildi.

– Jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish hamda profilaktika qilish bo‘yicha eng yaxshi taklif bergan, o‘z faoliyatini ommalashtirgan sektor rahbari va mahalladagi “beshlik”ni 5 million so‘mdan rag‘batlantiraman, – dedi viloyat rahbari. – Shuningdek, jinoyatning oldini olishda yoki qidiruvdagi jinoyatchilarni aniqlagan kuzatuv kamera egasi (uy, bozor, savdo do‘koni, choyxona, kafe egasi, uy-joy shirkati va boshqa korxona, tashkilot rahbarlari) hokimlik hisobidan 5 million so‘mlik mablag‘ bilan mukofotlanadi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri