Kasbi tumanining Tinchlik MFY hududidagi 1 gektar yer maydonida "Naxshab tex group" MCHJ tomonidan “Sulton” brendi ostida tadbirkorning o‘z mablag‘i hisobidan 10 milliard so‘m hamda bank krediti orqali 12,3 milliard so‘m, umumiy qiymati 22,3 milliard so‘m bo‘lgan tikuvchilik fabrikasi ishga tushiriladi.
Viloyat hokimi Murotjon Azimov ushbu loyiha qurilishining yakuniy jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Joriy yilning avgust oyida ishga turilishi kutilayotgan ushbu sanoat korxonasida 600 nafarga yaqin mahalliy xotin-qizlar va yoshlar ish bilan ta’minlanadi. Viloyat rahbari loyihani o‘z muddatida ishga tushirish hamda korxonada faoliyat olib boradigan xodimlar uchun shart-sharoitlar yaratishga ham alohida e’tibor qaratilishi lozimligi xususida ko‘rsatmalar berdi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu loyiha ishga tushirilishi natijasida qo‘shimcha 10 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilinishiga erishiladi. Asosiy eksport yo‘nalishi Turkiya, Bolgariya, Rossiya va Ukraina davlatlaridir.
***
Qashqadaryo viloyati hokimi stipendiyasi joriy etildi. Viloyatdagi davlat OTM talabalari uchun 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab “Hokim stipendiyasi” joriy etildi.
Prezidentimizning 2022 yil 20 dekabrdagi Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish, 2023 yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari iqtidorli talabalarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, ularni ta’lim olishda yanada yuqori ko‘rsatkichlarga erishishiga undash maqsadida tashkil etilayotgan tanlov ma’qullangan Nizom asosida o‘tkaziladi.
Nizomga asosan 14 nafar g‘oliblarga o‘quv yilining sentyabr oyidan iyun oyigacha har oy bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida qo‘shimcha stipendiya to‘lanadi.
***
Shvetsariyada joriy yilning 16-25 iyul kunlari 55-Xalqaro kimyo olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi ishtirok etib, 2 oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Xalqaro olimpiadalarda uchinchi marta ishtirok etgan Azizbek Nazarov bu safar ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Azizbek Qamashi tumanidagi 9-ixtisoslashgan maktabda tahsil olgan. Hozirda Toshkent shahridagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi ixtisoslashgan maktab o‘quvchisi hisoblanadi.
***
Saxovat va ko‘mak tadbirlari doirasida ko‘pchilik ishsiz ayollarning bandligi ta’minlanmoqda. Xususan, viloyatning Ko‘kdala tumanida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi qoshida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan boquvchisini yo‘qotgan va “Temir daftar” da kiritilgan 30 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari berildi. Endilikda ular ushbu dastgohlar yordamida o‘z uylarida tikuvchilik hunari bilan shug‘ullanib, oilasiga daromad olib kirishadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.