Cog‘liqni saqlash tizimida “103” xizmatida eskirgan avtotransport vositalarini bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Qarshi shahrida “Jizzakh Auto” tomonidan ishlab chiqarilgan “Volkswagen Caddy” avtomobillarining 22 donadan iborat navbatdagi partiyasi viloyat tumanlaridagi “Tez yordam” xizmatlariga taqdim etildi. Qashqadaryo viloyati “Tez yordam” xizmati tizimida ko‘plab qulayliklarga ega bo‘lgan bunday rusumdagi avtomashinalar soni 32 taga yetdi. Mazkur jarayon bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
***
Xoniyondagi 1050 ta xonadonga oqova suv boradigan bo‘ldi

Viloyat hokimi Murotjon Azimov Qarshi tumani hududida joylashgan “Xoniyon” va “Dasht” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘rganishlar olib bordi. Viloyat hokimi dastlab “Xoniyon” mahallasiga tashrif buyurib, mahalla faollari va nuroniylar bilan suhbatladi. “Xoniyon” mahallasida 4903 nafar aholi vakillari istiqomat qiladi. Ushbu mahalla ahli bir vaqtlar o‘z tomorqasidan hosil olib, ham ijtimoiy va iqtisodiy taraflama samarali mehnat qilib kelgan. Biroq, bundan 15 yil ilgari ushbu mahallaga keluvchi oqova suv kelmay qolgan. Shu bois, tomorqachilikka ko‘nikkan mahalla ahli uchun eng katta muammo oqova suv yetib kelmasligi bo‘lib kelmoqda.
Viloyat hokimi ushbu muammoning yechimi sifatida nasos orqali mahallaga oqova suv keltirish tashabbusini ilgari surib, “1-son kompleks qurilish” xususiy korxonasiga bu borada topshiriq berdi.
***
Qashqadaryoda “Navro‘z” umumxalq bayramini yuqori saviyada o‘tkazishga doir yig‘ilish o‘tkazildi. Xabaringiz bor, Navro‘z bayrami Prezidentimiz qaroriga asosan “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuksak saviyada nishonlanadi.

Shu maqsadda, viloyat hokimi Murotjon Azimov rahbarligida bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita a’zolari va mas’ullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Ta’kidlanishicha, viloyat, shahar va tumanlarda hamda mahallalarda bo‘lib o‘tadigan umumxalq sayillariga folklor guruhlari, viloyat san’at ustalari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorboz va baxshilar, shuningdek, iste’dodli an’anaviy ijrochilar va estrada xonandalari jalb etiladi.

“Navro‘z” umumxalq bayrami asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini narx-navosini barqarorligini ta’minlash maqsadida joriy yilning 15-25 mart kunlari barcha dehqon bozorlari va yirik savdo majmualarida “Savdo yarmarkalari” tashkil etiladi. Shuningdek, viloyat hokimi mas’ullarga bayramga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish davomida aholiga qo‘laylik yaratish maqsadida jamoat tartibini saqlash hamda xavfsizlikni ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
***
Qashqadaryodagi mavjud korxona va tashkilotlar bosqichma-bosqich “yashil energiya” ga o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tegishli tashkilotlar va mahalliy hokimliklar binolarida quyosh elektr panellari hamda quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish vazifasi qo‘yilgan edi.
Qashqadaryo viloyatining barcha tuman va shaharlari, jumladan, Kitob tumanida ham bu borada amaliy ishlar boshlangan. Xususan, ayni kunlarda tumandagi Agrobank ATB ga 50 kVt/soat, Mikrokreditbank ATB ga 30 kVt/soat va Davlat xizmatlari markazi binosiga 10 kVt/soat elektr energiyani yetkazib berishga mo‘ljallangan quyosh fotoelektrik panellari o‘rnatilib, to‘liq quvvatda ishga tushirildi.
***
Bahorning eng ajoyib bayramlari “Navro‘z” sayli munosabati bilan barcha ko‘chalar, ariqlar, qabristonlar tozalanadi. Hasharlar tashkil etiladi. Unda barcha qalb amri bilan ishtirok etadi.

Mana shunday hashar “Mahalla” xayriya jamoat fondi Koson tumani bo‘linmasi tashabbusi bilan tumandagi Quyi Obron MFYda joylashgan qabristonda uyushtirildi. Tadbir davomida 200 nafardan ortiq hasharchilar ishtirok etib, hudud obodonlashtirildi. Ariqlar, latoklar loyqadan tozalandi. 100 tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari qabriston atrofiga ekildi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA.