Chiroqchilik Xudoyberdi Xudoyniyozov bir yarim yildirki mustaqil yura olmaydi.
Mahalliy shifoxonalarda davolanib chiqdi, zarur muolajalarni oldi. Lekin kutilgan natija bo‘lmadi. Tumandagi sayyor qabul haqida xabar topgan otaxon o‘g‘illari hamrohligida bu yerga keldi. Mutaxassislar tekshiruvlaridan so‘ng u order asosida poytaxtda chuqur tibbiy muolaja oladigan bo‘ldi.
– Orqa miyamdagi o‘simta sabab bir yarim yildan buyon aravachaga mixlanib qolgandim, – deydi bemor. – Boshqalar yordamisiz yurolmasang, og‘ir ekan. Bugun mutaxassislar ko‘rigidan so‘ng poytaxtdagi Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yo‘llanma oldim. Yana hayotga ishonchim oshdi.
Chiroqchi tumani markazida boshlangan sog‘liqni saqlash vazirligining Qashqadaryo viloyatidagi sayyor tibbiy qabuli Ko‘kdalada ham davom etdi. Kimdir uzoq yillar davomida kurashib kelayotgan dardiga darmon olish uchun kelgan bo‘lsa, yana kimdir malakali mutaxassislardan tibbiy ko‘nikma olish uchun navbatga turdi. Aytish mumkinki, o‘tkazilgan qabullarda shifokorlar tomonidan har bir bemorga alohida e’tibor qaratildi. Mobil poliklinikalar, mammografiya va flyuorografiya uskunalari o‘rnatilgan maxsus avtomashinalar aholiga kun davomida xizmat ko‘rsatdi. Muhimi, bu jarayonda ko‘plab bemorlar o‘z dardiga darmon topdi.
– Cho‘l hududida yashaymiz, – deydi 43 yoshli Nargiza Qodirova. – Tibbiy punktimiz ham uzoqda joylashgan. Kunlarning birida o‘t qopimda kuchli og‘riq bo‘ldi. Shifokor yetib kelgunicha ko‘p qiynaldim. Mutaxassis menga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatdi. Operatsiya qilinmasa, o‘t qopi yorilib ketishi mumkinligini aytganidan so‘ng ko‘nglimga g‘ulg‘ula tushdi. Bugun tibbiy ko‘rikka kelib, tekshiruvlardan o‘tdim. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialida davolanadigan bo‘ldim. Endi ko‘nglim xotirjam.
Viloyatda o‘tayotgan sayyor tibbiy qabullarda 10 ming nafardan ortiq bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 1507 nafari operativ davoga muhtoj deb topilib, 690 nafari respublika, 692 nafari viloyatda, 23 nafari tuman darajasida operatsiya qilinishi belgilandi. Qabullar jarayonida 102 nafar bemorda yuqori texnologik operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Murojaatchilar tibbiy yordamga muhtojlik darajasiga ko‘ra tasniflanib, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat hajmi tuman, viloyat va respublika miqyosida belgilab olinmoqda. Yana bir e’tiborli jihati, yuqori texnologik amaliyotlar talab etiladigan bemorlarga shu yerning o‘zida order rasmiylashtirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sayyor qabul tumandagi barcha tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni qamrab olib, ularni davoga yo‘naltirish to‘liq amalga oshguniga qadar davom etadi.
[gallery-6536]
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.