Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo viloyati: qorako‘lchilik xo‘jaliklari mavsumni betalafot yakunlashga tayyormi?
11:12 / 2023-01-09

Qish mavsumining sovuq kelishi nafaqat aholi uchun balki chorvachilik xo‘jaliklari uchun ham turli xil noqulayliklarni tug‘dirishi tabiiy. Ayniqsa, qorako‘lchilik xo‘jaliklarida mayda shoxli chorva mollarini mavsumdan betalofat olib chiqish, qo‘zilash mavsumini ijobiy yakunlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Xo‘sh, qorako‘lchilik xo‘jaliklari joriy mavsumni natijali yakunlash uchun tayyormi?

Darhaqiqat, Qashqadaryo viloyatining eksport salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladigan eng muhim yo‘nalishlardan biri hech shubhasiz chorvachilik tarmog‘i hisoblanadi. Chunki viloyatda buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Yer keng, ozuqa mo‘l, iqlim bo‘lsa qulay. Ahamiyatlisi bu yerning odamlari sohani yaxshi tushunadi. Chorvani oilaning barakasi deb bilib, xonadonida bitta bo‘lsa ham mol asraydi. Qolaversa, ushbu yo‘nalish viloyatdagi ko‘pchilik fermer xo‘jaliklarida asosiy tarmoqlardan biri hisoblanadi. Shu bois viloyat yurtimiz bozorlariga go‘sht va sut mahsulotlari yetkazib beruvchi yetakchi hududlardan biri sanaladi.  

Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, bu borada tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganligi, zotli chorva mollarini xarid qilish, ularni ko‘paytirish va bu orqali aholini arzon, sifatli go‘sht hamda sut mahsulotlari bilan ta’minlash imkonini yaratmoqda. Chorvadorlarga berilayotgan alohida imtiyozlar natijasida viloyatda chorvachilik tarmog‘ini ravnaq toptirishga qaratilgan ko‘plab istiqbolli loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Buni birgina “Nishon qorako‘lchilik” MCHJ faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.  

– Qish fasli uchun yetarlicha xashaklarni g‘amlaganmiz, – deydi “Nishon qorako‘lchilik” MCHJ rahbari Sanjar Rahmonov. – O‘rtacha bir qo‘yga 150-200 kilogrammdan to‘g‘ri keladi. Ozuqalarimiz yetarli. Qishdan nasib bo‘lsa betalofat chiqamiz, degan umiddamiz. Jamiyatimizda hozirgi kunda 40 ga yaqin oila pudratchilarimiz bor. Jami xodimlar soni 50 kishini tashkil qiladi. Umumiy yaylov maydonimiz 59 ming gektar. Afg‘onistondan naslni yaxshilash maqsadida zotli qo‘chqorlar olib kelib, qo‘ylarimizni urug‘lantirdik. Hozirgi kunda 4 ming boshga yaqin ona sovliqlarimiz bor. Endigi maqsad mana shu sovliqlardan birga-bir qo‘zi olish va ularning 80 foizini o‘stirishga qo‘yish.  

Chorva mollari qut-baraka ramzi. Farovonlik manbai. Yaylovlar keng va sero‘tloq. Ozuqa zaxiralari yetarli bo‘lsa, ularning soni ham sifati ham oshadi. Bu esa o‘z navbatida aholini go‘sht va sut mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash imkonini beradi. Narxlar keskin oshib ketishining oldi olinadi.  

– Har yili zootexnika qoidalariga amal qilgan holda emlash ishlari olib boriladi, – deydi jamiyat mutaxassisi Toshpo‘lat Azizov. – Asosan kuydirgi, oqsil, chechak kasalliklarga emlash ishlarini o‘tkazdik. Qo‘ylarni ichak kasalliklariga emlash ishlarini olib bordik. Xo‘jalik hisobidan dorilar olinib, otarlarga borib, birma-bir ichirib profilaktika ishlarini olib bordik. Mana hozir qish mavsumi ketyapti. Yaqinda to‘l olish boshlanadi. Bunda ona sovliqlarni ham, olingan qo‘zilarni ham eson-omon olib chiqish eng muhim vazifadir. Dori darmonlarni tuman veterinariya bo‘limidan olib turibmiz. Hammasi yetarli.  

Qorako‘lchilikni rivojlantirish, mahalliy sharoitdan kelib chiqib, naslchilik ishlarini olib borishga keng yo‘l ochilgani qashqadaryolik chorvadorlarga juda qo‘l kelyapti. Tumandagi Turkmaniston bilan chegaradosh hududda joylashgan Omonquduq, Chilloq va Kerkinjak bepoyon kengliklarini vatan deb bilib, mehrini qo‘ygan qishning rutubatiyu yozning jaziramasini nazarga ilmagan cho‘pon-cho‘liqlar ko‘ngliga tabiatning mo‘’jizaviy qudratigina ota-bobo kasbini ulug‘lash, sabr-qanot kabi insoniy tuyg‘ularni joylagan. Cho‘l chorva yaylovi uchun harchand qulay bo‘lmasin tabiati ancha injiq. Mana shu qiyinchiliklarni yenggan kishigina o‘z maqsadlariga erishadi. Mana shunday o‘z kasbining fidoyilaridan biri tajribali cho‘pon To‘ychi Ko‘chiyev yaylov kengliklarida 150 boshdan oshiq mayda shoxli mollarni otar yordamida parvarishlamoqda. Ayni paytda xo‘jalikda kuz-qish mavsumi namunali o‘tkazilyapti.

–  Cho‘pon tayog‘ini otamdan qabul qilib olganimga 23 yil bo‘ldi, – deydi To‘ychi Ko‘chiyev. – Yilda rejalarni to‘liq bajarib, bir otar qo‘ydan bir otar qo‘zi yaratib kelyapmiz. Qishki mavsumga tayyorgarligimiz yaxshi. Dag‘al xashaklar jamg‘arganmiz. Cho‘ponlar uchun hamma fasllar ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar tug‘diradi. Shu bois doim har mavsumga puxta hozirlik ko‘ramiz. Endigi maqsad ha demay to‘l olish boshlanadi. Ushbu jarayonda qo‘zilarni betalofat olish va qishdan chiqarish eng muhim yumush. Bunda oila a’zolarim menga asosiy ko‘makchi. Bir o‘g‘lim yonimda meni kasbimni tanlagan. Ishimni davom ettiryapti. Ikkinchi o‘g‘lim Tibbiyot akademiyasida o‘qiydi. Mashaqqat har doim bor qishda ham, yozda ham.  Qishda sovuqdan asrash va oziq-ovqatini topib berish, yozda esa suvdan, o‘tidan doim hushyor bo‘lish kerak. Shu kasb ortidan sochimiz oqardi. Tadbirli bo‘lishni qo‘ldan bermaymiz. Bu yil ham rejalarimiz katta. Qo‘ylarni eson-omon qishdan chiqarib, qo‘zilarni to‘kis-tuval olsak marra bizniki.  

Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik, degan naql bor dono xalqimizda. Uzoq yillar davomida qilingan mehnat tufayli qahramonimizning xonadoniga qut-baraka, hayotiga ro‘shnolik kirib kelgan.  

– Shu chorvachilik kasbini ortidan to‘kin-sochin yashab kelyapmiz. Turmush qurganimizga 36 yil bo‘ldi, – deydi cho‘ponning turmush o‘rtog‘i Oygul Erkayeva. – 6 nafar farzandimiz 14 nafar nabiralar bor. Chorvachilikning orqasidan hammasini uyli-joyli qilyapmiz. Kasbimizning o‘ziga xos mashaqqati bor. Qo‘yning tuyog‘iday qattiq odam qo‘y boqadi. Mashaqqatiga chidaydi.  

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda viloyatda 9 ta qorako‘lchilik mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va 1 ta qorako‘lchilik ilmiy naslchilik tajriba stansiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2023 yil 1 yanvar holatiga jamiyatlarda jami 148 ming 145 bosh qo‘y va echki, 160 bosh yilqi, 100 bosh tuya parvarish qilinmoqda. 2022-2023 yil chorva qishlovini betalofat o‘tkazish maqsadida qorako‘lchilik jamiyatlarida 23 ming 542 tonna yoki o‘rtacha bir bosh qo‘yga 152 kilogrammdan dag‘al xashak jamg‘arilib to‘liq qishlov joylariga yetkazilgan. Mavjud  442 ta cho‘pon uylari, 442 ta ochiq va yopiq qo‘ra qo‘tonlar va 217 ta suv inshootlari to‘liq ta’mirdan chiqarildi.

Shuningdek, qishlov davri uchun qorako‘lchilik jamiyatlarida qo‘shimcha 74 ta texnika vositalari va 124 nafar ishchi kuchlari ajratildi. Bundan tashqari, qorako‘lchilik jamiyatlarida ishlayotgan oila pudratchi (cho‘pon)larining ehtiyojlaridan kelib chiqib ularga 442 ta fufayka, 442 ta paxtali shim, 442 ta issiq bosh kiyimlar va 442 juft etiklar hamda boshqa zarur buyumlar tarqatildi.  

–  2023 yilning 1 yanvar holatiga qorako‘lchilik jamiyatlarida 20 ming tonnadan ortiq dag‘al ozuqalar, 54 tonna omixta yem, 123 tonna arpa, 23 tonna bug‘doy va 24 tonna boshqa har xil ozuqalar zaxirasi mavjud, – deydi Qashqadaryo viloyati ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Nodir Imomov. – Jamiyatlarda ishlayotgan bosh cho‘ponlarga kundalik uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari (un, yog‘, makaron, guruch, shakar, choy va boshqalar) o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Joriy yilning yanvar oyining birinchi o‘n kunligida havoning keskin sovuq bo‘lishi to‘g‘risida barcha jamiyatlarning rahbar va mutaxassislari ogohlantirilgan hamda chorva qishlovini betalofat o‘tkazish bo‘yicha belgilangan tadbirlarni tizimli tashkil etish va tegishli choralar ko‘rish topshirig‘i yetkazilib bu boradagi ishlar ustidan doimiy nazorat o‘rnatilmoqda.

Ma’lumki, chorva mollarining mahsuldorligi bevosita iste’mol qiladigan yem-xashakning sifati va miqdoriga bog‘liq. Ushbu jihat masalaning bir tomoni bo‘lsa, xo‘jalikda chorvaning nasliga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda bu borada viloyat va respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan o‘quv-seminarlardan to‘plangan tajribalar asosida ish ko‘rilmoqda. Tabiatning injiqliklarini ko‘p yillik tajriba, ko‘rilgan puxta hozirlik va chin dildan qilingan mehnat evaziga yengishga odatlangan cho‘ponlar bu yilgi qishlovni ham ko‘ngildagidek o‘tkazishmoqda. Yana bir gap, dehqonchilik bir yilda chorvachilik 40 yilda yetadi degan hikmat bor. Shu bois chorvadorlar ayni kunlarda tunni tun demay mehnat qilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Qashqadaryoda mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda chorvaning sonini oshirish, mahsuldorlik sifatini yaxshilash, naslchilik resurslarini yaratish va saqlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad nafaqat viloyat aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, balki chorvachilik mahsulotlarini eksportga ham yo‘naltirishdan iborat.  

 

O‘lmas Barotov,  

O‘zA.