Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo viloyati: maktabgacha ta’lim tizimidagi kadrlar muammosi
19:55 / 2022-02-16

Kuni kecha viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida «Maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari malakasini oshirish va kadrlar bilan ta’minlash masalasi» mavzusida jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumani bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.

Boisi so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tizimidagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mudiralari bilan bog‘liq muammoli vaziyatlar, ularning turli xil noqonuniy hatti-harakatlari aks etgan video va audio xabarlar ko‘payib bormoqda. Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasining sobiq boshlig‘i Asror Alimardonovning ishdan nohaq olingani va ayni paytda ushbu holat bo‘yicha sud ishi davom etayotgani xususidagi xabarlar jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Jurnalist va blogerlar yuqoridagi kabi holatlar yuzasidan viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi rahbariyatiga murojaat qildi.

Jumladan, O‘zA muxbirining milliard-milliard davlat mablag‘i sarflanib, kapital rekonstruksiya qilingan Qarshi tumanidagi 20-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotidagi nosog‘lom muhit, bog‘cha mudirasining noqonuniy xatti-harakatlari, u yerda tarbiyalanayotgan bolajonlarning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor qaratilmayotgani, mudira bilan bog‘liq sud jarayonlari, bog‘cha faoliyatidan xalqning noroziligi, umuman yaqin kelajakdagi bog‘chaning taqdiri xususidagi savoliga quyidagicha javob qaytarildi.

[gallery-5793]

– Haqiqatdan ham Qarshi tumanidagi 20-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida shunday holat kuzatildi, – dedi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Mavlonov. – Ta’lim tashkilotidagi nosog‘lom muhit haqidagi qarashlaringiz to‘g‘ri. Mazkur bog‘cha mudirasiga nisbatan, jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ayni vaqtda sud jarayoni davom etmoqda. Qarshi shahar sudining ajrimi asosida vaqtincha ishdan chetlashtirilgan. Vaqtincha o‘sha yerdagi tarbiyachiga mudiralik vazifasi yuklatilgan. Sud jarayonlari tugab hukm o‘qilgandan keyin, natijasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar u mudira bilan mehnat shartnomasini bekor qilamiz.

Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar bergan savollarning asosiy qismi bog‘cha mudiralarining noqonuniy xatti-harakatlariga aloqador bo‘ldi. Umuman bugun Davlatimiz rahbari maktabgacha ta’lim tizimiga e’tiborni kuchaytirish, joylarda bog‘cha yoshidagi bolalar qamrovini oshirish haqida bot-bot ta’kidlab, tizim rivoji uchun davlat byudjetidan milliardlab mablag‘ ajratayotgan bir paytda qo‘shtirnoq ichidagi mudiralar bolalarning haqqini qo‘rqmasdan yeyish, o‘z vazifasini suiiste’mol qilish haqida xayol sursa. Bu qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi? Bundan tashqari, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Mavlonovning ta’kidlashicha, bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha vakant bo‘lib turgan 108 ta shtat birligida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorligi lavozimlari qasddan yashirib kelingan. 

Zudlik bilan vakant joylarni malakali pedagog kadrlar bilan to‘ldirish maqsadida Qashqadaryo viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasining 2022 yil 27 yanvar kunidagi 01-01/1-117-sonli aloqa xati barcha tuman shahar maktabgacha ta’lim bo‘limlariga ijro uchun yuborilgan. Bundan tashqari, 108 shtat birligidagi direktor lavozimlari shaffof o‘tkazilishi hamda korrupsion omillarni oldini olish maqsadida Yagona milliy tizimi IDAK va «Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarning yagona ochiq portaliga» joylashtirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining 2021 yil 30 dekabr kunidagi 255-sonli buyrug‘iga asosan ma’lumoti oliy, maktabgacha ta’lim yo‘nalishini tamomlagan, 3 yil pedagogik stajga ega bo‘lgan fuqarolar o‘z nomzodlarini davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qo‘yishi mumkin.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.