French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo viloyati ko‘p kvartirali uylarni boshqarish bo‘yicha namuna bo‘ladi
12:11 / 2020-11-17

Aniqlangan og‘ir toifadagi 89 ta shirkat bu yil yakuniga qadar tugatilib, 10 ta yangi boshqaruv servis kompaniyasi tashkil etiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirish, odamlar hayotini yaxshilash borasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqbolli loyihalar bilan ham tanishdi.

Mazkur yo‘nalish bo‘yicha uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Saliyev tomonidan davlatimiz rahbariga keyingi yillarda Qashqadaryo viloyatida issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish va ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish yuzasidan taqdimot qilindi.

Xususan, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimiga bozor mexanizmlarni joriy etish, samarasiz faoliyat yuritayotgan, og‘ir toifadagi uy-joy mulkdorlari shirkatlari o‘rnida boshqaruv servis kompaniyalarni tashkil etish, uylarning texnik holatini yaxshilashga alohida to‘xtab o‘tildi. Shuningdek, issiqlik ta’minoti tizimini kompleks rivojlantirish, aholiga kommunal servis xizmatlar ko‘rsatilishini kengaytirish borasida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan, Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar va loyihalar ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda respublikamiz bo‘yicha ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish, uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish va boshqaruv servis kompaniyalarini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.  

Sohada to‘plangan amaliy tajribalarga tayangan holda hamda rivojlangan mamlakatlarning bu boradagi yutuqlaridan kelib chiqib, Qashqadaryo viloyatida joriy yil yakuniga qadar va kelgusi yillarga mo‘ljallangan bir qator loyihalarni amalga oshirish taklif etilmoqda.

Xususan, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimiga bozor mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha boshlangan ishlar izchil davom ettiriladi. Viloyatdagi mavjud 161 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlarining moliyaviy-iqtisodiy holati o‘rganildi. Aniqlangan og‘ir toifadagi 89 ta shirkat bu yil yakuniga qadar tugatilib, 10 ta yangi boshqaruv servis kompaniyasi tashkil etiladi. Tugatilayotgan shirkatlarga biriktirilgan uylar mulkdorlarning roziligi bilan belgilangan tartibda servis kompaniyalariga o‘tkaziladi.

O‘z navbatida shirkatlarning tijorat banklari oldidagi kredit qarzdorligini so‘ndirish bo‘yicha aniq choralar ko‘riladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-2020 yillarda shirkatlarga jalb etilgan 36,3 milliard so‘m miqdordagi imtiyozli kreditlardan 1 noyabr holatiga muddatida to‘lanmagan qarzdorlik 26,9 milliard so‘m, to‘lash muddati kechiktirilgan qarzdorlik 4,2 milliard so‘mni tashkil etadi. Ushbu salbiy holat hozirga qadar tizim faoliyatida bir noqulayliklarni keltirib chiqarayotgan edi.

Kelgusida kredit qarzdorligi belgilangan muddatlarda tijorat banklarga qaytarilishini ta’minlash uchun moliyaviy holati bo‘yicha “og‘ir” toifaga kirgan uy-joy mulkdorlari shirkatlarining tijorat banklari oldidagi kreditor qarzdorligi muddati 3 yilga uzaytiriladi. Tugatiladigan 89 shirkatning tijorat banklari oldidagi kredit qarzdorligi yangi tashkil etiladigan boshqaruv tashkilotlariga o‘tkaziladi.

Shirkatlarning moliyaviy faoliyatini shaffofligini ta’minlash hamda onlayn to‘lov tizimini joriy etish orqali aholi tomonidan to‘lanadigan majburiy badal pullari tushimi 2019 yildagi 6,2 milliard so‘mdan, 2020 yil yakuniga qadar 9,3 milliard so‘mgacha va 2021 yilda esa 11 milliard so‘mgacha oshiriladi. Bunda uy-joy mulkdorlari shirkatlariga buxgalterlik va konsalting xizmatlarini ko‘rsatadigan “Yagona hisob-kitob markazi” davlat unitar korxonalarining ijobiy tajribasi keng qo‘llaniladi.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarni joriy va mukammal ta’mirlashni moliyalashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etiladi. Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi huzurida tashkil etilgan “Ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan ko‘p kvartirali uylarning boshqaruv organlariga tanlov asosida, qaytarish sharti bilan, foizsiz ssuda ajratiladi. Hozir ushbu jamg‘armaga mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 5 milliard so‘m miqdordagi mablag‘ yo‘naltirilgan. Jamg‘armaning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish va shaffofligini ta’minlash, foizsiz ssuda mablag‘larini tanlov asosida ajratish va qaytarish mexanizmini o‘z ichiga olgan Qashqadaryo viloyati hokimligi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining qo‘shma qarori qabul qilinadi.

Aholining sifatli va kafolatli kommunal servis xizmatlariga ehtiyojini e’tiborga olgan holda “Ta’mirlash-tiklash xizmati” DUK negizida tashkil etilgan “Tez kommunal xizmat” servis faoliyati yanada rivojlantiriladi. Mijozlarning ehtiyojlariga qarab ko‘rsatilayotgan xizmat turlari kengaytiriladi. Bu esa kommunal servis xizmatlarini ko‘rsatish bozorida raqobatning kuchayishi va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati tubdan yaxshilanishiga olib keladi.

Hozir tashkil etilgan mazkur servis tomonidan aholiga 24/7 ish rejimida xonadonlarning ichki muhandislik-kommunikatsiyalaridagi buzilishlarini ta’mirlash, maishiy texnikani o‘rnatish va santexnikani almashtirish kabi 40 dan ortiq xizmat turlari ko‘rsatilmoqda. “Tez kommunal xizmat” servis bilan tez va qulay bog‘lanish, murojaatlarni qabul qilish uchun “1184” qisqa raqamli call-center tashkil etilgan. Bu tajriba amaliyotda samarali sinovdan o‘tkazilgandan so‘ng Qashqadaryo viloyatida keng tatbiq etiladi.

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimiga joriy etilgan “Obod uy” elektron dasturi takomillashtirilib, barqaror ishlashi ta’minlanadi. Bunda, ushbu elektron dastur respublikamizda mavjud bo‘lgan barcha elektron to‘lov tizimlariga ulanadi. Ushbu tizim shirkatlar bilan bir qatorda boshqaruvchi tashkilotlar va ko‘p kvartirali uyni bevosita boshqarish organlariga ham tatbiq etiladi. bugungi kunda “Yagona hisob-kitob markazi” DUK tomonidan “Obod uy” elektron dasturiga 38 mingdan ziyod abonent, 1 ming 568 ta ko‘p kvartirali uy va 155 ta uy-joy mulkdorlari shirkati to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi kiritilgan.

Viloyat issiqlik ta’minoti tizimi energiya va resursni tejaydigan yangi texnologiya va uskunalarni joriy qilish orqali modernizatsiya qilinadi. Xususan, loyihalar doirasida energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan qozonxona agregatlari va nasos uskunalari o‘rnatish, issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilishda penopoliuretandan tayyorlangan polimer izolyatsiyali, himoya qobig‘iga o‘ralgan quvurlarni qo‘llash ko‘zda tutilgan. Hozir viloyatdagi jami 1 ming 903 ta ko‘p kvartirali uydan 32 foizi issiqlik energiyasi bilan ta’minlangan. Bundan 74 ta uy markazlashgan issiqlik ta’minoti, 131 ta uy mahalliy qozonxonalar va 412 ta uy individual issiqlik ta’minoti bilan qamrab olingan.

2021-2023 yillar manzilli dastur bo‘yicha jami 74 ta markaziy va lokal qozonxonalar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, loyihalar yakunlanishi bilan 68 foiz ko‘p kvartirali uy issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi. Loyihalarni amalga oshirish uchun uch yil davomida jami 925,5 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi.

Taqdimot davomida Prezidentimiz mazkur takliflarni ma’qullab, Qashqadaryo viloyatida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, kommunal xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shu bilan birga, sohada joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalardan kelib chiqqan holda mutaxassislarni tayyorlash masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Vazirlik tasarrufidagi Qarshi kommunal kasb-xunar kollejida issiqlik ta’minoti sohasida xizmat ko‘rsatuvchi, penopoliuretan qoplamali quvurlar chilangari, individual issiqlik punktlariga xizmat ko‘rsatuvchi chilangar, qozonxona va issiqlik tarmoqlari nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatikasiga xizmat ko‘rsatuvchi chilangar yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilishiga doir topshiriqlar berildi. Avvalambor, belgilangan topshiriqlar Qarshi shahri, keyinchalik butun viloyat va respublikamizning barcha hududlariga tatbiq etiladi.

Abdulaziz MUSAEV, O‘zA