Qashqadaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishildi.
Yer ilmini bilish, melioratsiya ishlarini tizimli tashkil etish, texnikalardan samarali foydalanish uchun pillakor, g‘allakor, paxtakor va bog‘bon ham sohaning bilimdoni bo‘lishi kerak. Dehqonlar tili bilan aytganda ishning ko‘zini bilgan, ilmli va yerni aldamaydigan kishi ko‘zlangan hosilni oladi, yuzi yorug‘ bo‘ladi.
Ta’kidlash lozimki, joriy yil ham qishloq xo‘jaligi vakillari uchun juda sinovli keldi. Suv resurslarining har yildagidan 20-25 foizga tanqisligi, tabiatning injiqliklariga qaramasdan viloyatda 1 million tonnadan ortiq yoki o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravar ziyod g‘alla, 437 ming tonna paxta, 403 ming tonna sabzavot, 159 ming tonna poliz mahsulotlari, 149 ming tonna kartoshka, 44 ming tonna meva, 78 ming tonna uzum, 2 ming 296 tonna pilla, 229 ming tonna go‘sht, 898 ming tonna sut, 406 million dona tuxum yetishtirildi. G‘allachilik va paxtachilikda o‘rtacha hosildorlik oshdi.
Umumiy hisobda 23 trillion so‘mga yaqin yoki o‘tgan yilga nisbatan 12 foiz ko‘p qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi.
– Bu yilni ham yorug‘ yuz bilan yakunladik, – deydi Kasbi tumanidagi “Mardonov Yo‘ldosh Ravshanovich” fermer xo‘jaligi rahbari Yo‘ldosh Mardonov. – Fermer xo‘jaligimizning jami yer maydoni 58 gektar bo‘lib, shundan 2022 yil hosili uchun paxtachilikda 37 gektar yerda faoliyat ko‘rsatdik. Qolgani g‘alla maydoni. 2022 yil rejalarini oshig‘i bilan 115 foizga bajardik. 135 tonna paxta xomashyosini davlatga topshirdik. Dehqonchilikda qiyinchiliklar bo‘ladi albatta. Masalan, joriy yil juda issiq keldi. Shunga qaramasdan o‘z vaqtida agrotexnik tadbirlarni bajarib, nihoyasida hosilimiz mo‘l-ko‘l bo‘ldi. Gektaridan 40-45 sentner atrofida paxta oldik. Tumanimizning ham yuzi yorug‘ bo‘ldi. Bunda klasterlarimizning yordami katta bo‘ldi. Ular ta’minotni o‘z vaqtida bajardi. Dehqonning ishi to‘xtamaydi. Bu yil hosildorlik yaxshi bo‘ldi, deya to‘xtab qolganimiz yo‘q. Boisi keyingi yil uchun harakatni hozirdan boshlash kerak. Shu bois fermer xo‘jaligimizda shudgorlash ishlari to‘liq yakuniga yetkazildi. G‘allani ekib undirib oldik. Bir marta oziqlantirdik. Nasib bo‘lsa, keyingi yildan ham umidimiz katta.
Yangi yerlarni foydalanishga kiritish uchun 103 kilometr elektr tarmoqlarini tortish, 26 dona nasos agregatini qurish, 107 dona tik quduqlar qazish, 160 kilometr sug‘orish tarmoqlarini yangidan qurish, 136 kilometr sug‘orish va 89 kilometr kollektor tarmog‘ini ta’mirlash-tiklash tadbirlari amalga oshirildi. O‘zlashtirilgan 9 ming gektardan ortiq yer maydonlarida yangidan 20 mingta dehqon xo‘jaliklari tashkil qilindi. Jumladan, 1530 gektarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalar, 738 gektarda xorijdan qaytgan migrantlar tomonidan “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirildi.
– Fermer xo‘jaligimizning umumiy maydoni 30 gektar bo‘lib, asosan lalmi yerlardan tashkil topgan, – deydi Shahrisabz tumanidagi “Ochilov Lutfullo Rizo buva o‘g‘li” fermer xo‘jaligi rahbari Lutfullo Ochilov. – Joriy yilda 1 gektar lalmi yerda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi yordamida sug‘oriladigan uzumzor tashkil qilib, qora kishmish navli tok ko‘chatlarini ekdik. Uzumzorda yetishtirilgan mahsulotning deyarli barchasi mayiz qilinib, eksportga yo‘naltiriladi. Kelgusida uzumzorimizni yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz.
Suv resurslarini samarali boshqarish, tejamkor va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya-melioratsiya tadbirlari natijasida 125 million kub suv iqtisod qilindi. Yangidan 2 ming 812 gektar bog‘ va 1 ming 661 gektar tokzor barpo qilindi. Intensiv usulda sabzavot yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Prezident tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida yil davomida bozorlarning to‘kinligi saqlanib qolindi.
Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlariga asoslangan, boshqaruvning mutlaqo zamonaviy shakli bo‘lgan klaster tizimini joriy etilgani amalda o‘zini oqlamoqda. Yildan-yil natijadorligini namoyon etayotgan klaster tizimi, nafaqat paxtachilik, balki g‘allachilik, meva-sabzavotchilik, parrandachilik, chorvachilik, chilik, baliqchilik va pillachilikda qo‘llanilishi soha rivojini ta’minlash hamda fan-texnika yutuqlarini keng qo‘llashning omili bo‘lmoqda.
[gallery-9954]
Ayni paytda viloyatda 77 ta agroklasterlar, xususan 18 ta paxta-to‘qimachilik, 28 ta g‘allachilik va 31 ta meva-sabzavotchilik va boshqa yo‘nalishdagi klasterlar samarali faoliyat yuritmoqda. Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 485 milliard so‘mlik investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Klasterlar tomonidan ilgari surilayotgan tashabbus, yangi loyihalar va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda izchillik bilan hayotga joriy etish ishi soha rivojini ta’minlamoqda.
Masalan, Qarshi tumanida faoliyat yuritayotgan “Qarshi agroklaster” MCHJ negizida loyiha qiymati 14,5 milliard so‘mlik to‘qimachilik korxonasi tashkil etilgan. Eski, qarovsiz, foydalanilmay turgan bino o‘rnida bunyod etilgan ushbu korxonaga Yaponiya davlatidan 580 ming AQSH dollari qiymatida 25 turdagi 220 ta zamonaviy tikuv va boshqa zarur uskunalar olib kelindi. Korxonada 400 ta ish o‘rni yaratildi. Bu yerda bir kunda 4 million dona tayyor kiyim-kechak tayyorlanib, ichki va tashqi bozorga chiqarilmoqda.
– Klaster korxonalari uchun yengilliklar, imtiyozlar berilmoqda, – deydi “Qarshi agroklaster” MCHJ rahbari Bekzod Meyliyev. – Investitsiya kiritish uchun yaratilgan qulayliklar sabab xorijdan zamonaviy dastgohlar olib kelyapmiz. Masalan, ip yigiruv fabrikamiz uchun Shvetsariyadan dastgohlar olib keldik. Bu yil 1,5 ming gektar yerimizdagi paxta hosilini mashinalarda terib oldik. Kelasi yil ushbu ko‘rsatkichni 50 foizga chiqaramiz. 2023 yil birinchi choragida 400 o‘rinli ip-kalava, ikkinchi chorakda 300 o‘rinli to‘quv fabrikalari ishga tushadi. Maqsadimiz hududda ishlab chiqarish hajmini oshirish va ish o‘rnini 1,5 mingtaga yetkazishdir.
Sohadagi bu kabi ijobiy sa’y-harakatlar kelgusi yilda ham davom ettiriladi. Bu haqida qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan viloyatda o‘tkazilgan tantanali tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ma’lum qildi.
– Hisobotga ko‘ra 2022 yildagi noqulay ob-havo sharoiti hamda eng ko‘p miqdorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi davlatlarda kechayotgan mojarolar natijasida global oziq-ovqat tanqisligi yanada kuchayishi mumkin, – dedi viloyat rahbari. – Shuningdek, viloyat aholisi yiliga o‘rtacha 80 ming nafarga yoki 2,2 foizga o‘sib bormoqda. Bu o‘z navbatida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi oshishiga ham olib keladi. Shundan kelib chiqqan holda kelgusi yilda viloyatda 376 milliard so‘mlik 110 ta qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat loyihalari amalga oshiriladi.
Viloyat hokimining ta’kidlashicha, xususan, keyingi yilda 10 ming gektar yer maydonida intensiv bog‘lar va 9 ming gektar uzumzorlar tashkil etiladi. Shahrisabzda 3 ming gektar, Nishonda 1000 gektar, Kosonda 300 gektar yer maydonida kartoshka yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Ko‘kdalada parrandachilik bo‘yicha 112 milliard so‘mlik yirik loyiha amalga oshiriladi. Qarshi, Yakkabog‘, Ko‘kdala tumanlarida umumiy qiymati 15 million dollarlik agrologistika markazlari, 150 ta mahallalarda kichik hajmli muzlatgichli omborxonalar barpo etiladi. Go‘shtni qayta ishlash 2 baravarga, meva va sutni qayta ishlash 1,8 baravarga oshiriladi. 10 ming gektardan ortiq yer maydonlari lotlarga bo‘linib, 22 mingta yangi dehqon xo‘jaliklari tashkil qilinadi. 216 ta konturda 5,4 ming gektar yer maydonlari qayta foydalanishga kiritiladi.
Qashqadaryo sharoitida har bir tomchi suvni tilloga teng bilgan holda iqtisod qilib, ish yuritish talab etiladi. Bu borada, suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti mutaxassislarini jalb qilgan holda viloyatda suv resurslaridan foydalanishning 2030 yilga qadar mo‘ljallangan konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Tizimdagi ilg‘or xorijiy texnologiyalarni o‘rganish va viloyatda joriy etish maqsadida mahalliy mutaxassislar Isroil va Turkiya davlatlariga tajriba almashishga yuboriladi. 38 ming gektar yer maydonida, jumladan, 22 ming gektarda tomchilatib, 2 ming gektarda yomg‘irlatib, 2 ming gektarda diskretli sug‘orish ishlari hamda 12 ming gektarda lazerli tekislash tadbirlari tashkil etiladi.
20 kilometr sug‘orish tarmoqlari va 7 kilometr kollektorlarni yangidan qurish, 95 kilometr sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash-tiklash ishlari bajariladi. Suv ta’minoti past bo‘lgan maydonlar ulushi 14 ming gektargacha tushiriladi.
Xulosa qilib aytganda, agrar sektor viloyatning muhim tarmoqlaridan va bu yo‘nalishda erishilgan har qanday natija viloyat byudjetining ortishiga, pirovardida hudud aholisi turmushining farovon bo‘lishiga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.