Qashqadaryo viloyatida “Yoshlar kuni” munosabati bilan navbatdagi “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligida mutasaddi tashkilot va idoralar rahbarlari hamda faol, tashabbuskor yoshlar ishtirok etdi.
Mazkur tadbir 24-fevral kuni Prezidentimiz tashabbusi bilan har haftaning payshanba kunini “Yoshlar kuni” sifatida belgilash va yoshlar bilan ochiq muloqotlarni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Ochiq, samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda yosh startapchi va tadbirkorlar, sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar hamda o‘quv markazlari rahbarlari o‘z taklif va tashabbuslari bilan ishtirok etdi. Muloqot davomida yoshlarning ta’lim, bandlik, tadbirkorlik va ijtimoiy masalalarga oid muammolari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi so‘zida yoshlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishida ekanini ta’kidlab, ular uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Yoshlarning har bir tashabbusi qo‘llab-quvvatlanishi, murojaatlar esa yechim topishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida yoshlar tomonidan bildirilgan takliflar asosida mutasaddi rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi va ularning ijrosi alohida nazoratga olinishi belgilandi.
[gallery-27891]
Shuningdek, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 nafar yoshga Yoshlar ishlari agentligi tavsiyasi asosida 96 million 300 ming so‘mdan 2 milliard 600 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratildi.
Bundan tashqari, olis hududlarda ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 5 nafar yoshga o‘quv markazlari tashkil etish uchun 130 million so‘mlik ssuda vaucherlari topshirildi.
Qayd etilganidek, bunday ochiq muloqotlar viloyatning barcha hududlarida tashkil etilmoqda va har payshanba kuni muntazam o‘tkazib boriladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari