English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo viloyati hokimi: "Qilingan rejalar qog‘ozda qolib ketmasligigi uchun hamma bir yoqadan bosh chiqarishi kerak"
17:47 / 2021-12-20

Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Murot Azimov Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat aholisiga murojaat qildi. Ta’kidlanishicha, 2022 yilda viloyatda 105 mingdan ortiq aholi bandligi ta’minlanadi.

 Bu ishlarni amalga oshirishda har bir mahallada ish boshlayotgan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha 793 nafar hokim yordamchisining o‘rni kattadir. Hokim yordamchilari o‘z “byudjeti” doirasida subsidiyalar berish, jamoat ishlarini tashkil etish hamda kasbga o‘qitishga mablag‘ ajratish, mahallalarda oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlar berish orqali 82 ming 642 kishini band qiladi. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va investitsiya loyihalari hisobiga 22 ming 410 nafar aholi band bo‘ladi. 

– Viloyatda ishsizlar va yoshlarni kasb-hunarga o‘qitishning mutlaqo yangi tizimi joriy etiladi, – dedi viloyat rahbari. – 92 ta mahallada kasb-hunarga o‘qitish maskanlari ish boshlaydi. Ehtiyojni hisobga olgan holda birinchi navbatda G‘uzor, Muborak, Mirishkor, Koson tumanlarida kasb-hunarga o‘qitish markazlari tashkil etiladi. Barcha kasb-hunar markazlari ikkita eng yirik bo‘lgan Sho‘rtangazkimyo majmuasi va Muborak gazni qayta ishlash zavodiga biriktiriladi. Qarshi tumanida Hunarmandchilik markazi, Kasbi tumanida “Kulolchilik” markazini tashkil etish, Shahrisabz shahrining Oqsaroy maydoni Chorsu bozori binosida kashtachilik, atlas, adras, a’lo baxmal to‘qishni o‘rgatadigan “Hunarmandlar markazi” tashkil qilish va yoshlarni o‘qitish kelgusi yil rejasiga kiritilgan. Viloyatda hunarmandchilikni rivojlantirish uchun 45 million dollar imtiyozli kreditlar ajratiladi.  
Sektorlarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini mahallabay xatlov o‘tkazgan holda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritib borish davom ettiriladi. Viloyatda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million dollar qo‘shimcha resurslar hamda tadbirkorlarga kredit foiz to‘lovlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratiladi. Chiroqchi, Dehqonobod, Kasbi, Mirishkor va Nishonda yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlari uchun 2025 yil 1 yanvarga qadar foyda solig‘i stavkasi 50 foizga pasaytiriladi va yer, mol-mulk, aylanmadan soliqlar to‘lashdan ozod etiladi.  Natijada, 10 ming 300 ta tadbirkor yangidan faoliyat boshlaydi. Bunda oilaviy korxona tashkil etishga ustuvor ahamiyat qaratiladi.  

Investitsiyalardan samarali foydalanish hamda eksport hajmlarini oshirish bo‘yicha “pastdan-yuqoriga” tamoyili asosida, yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Hududlarda istiqbolli loyihalar ishlab chiquvchi “Loyiha guruhi” tashkil etiladi va viloyat salohiyatidan kelib chiqib, investitsiya va eksport Strategiyasi ishlab chiqiladi. Shakllantirilgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish maqsadida salohiyatli tadbirkorlar ishtirokida “Xolding kompaniya” tashkil etiladi. Bunda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi loyihalarning 30 foizgacha qismini moliyalashtirish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yiladi.  

Viloyat hududlarini jadal rivojlantirish maqsadida umumiy qiymati 49,3 trillion so‘mlik 748 ta hududiy va umumiy qiymati 162 million dollar bo‘lgan 98 ta xorijiy investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Viloyatda eksport hajmi 1,4 barobarga oshirilib 238 million dollarga yetkaziladi. Bunda, eksport tarkibida qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ulushi 45 foizdan oshiriladi, eksportchi korxonalar soni 2 barobarga ko‘paytiriladi. Yevropa bozorlariga kirish uchun qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlariga “Qashqadaryo brendi” joriy etiladi. Qarshi aeroporti yonidagi alohida soliq va bojxona imtiyozlari tadbiq etiladigan barcha infratuzilmaga ega 120 gektar maydonda, sanoat “Texnoparki” hamda Kitob tumanida “Urgut erkin iqtisodiy zona”si filiali faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari 6 ta tumanda kichik sanoat zonalari tashkil qilinadi.

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish maqsadida 73 ta davlat aktivlari 71 milliard so‘m boshlang‘ich qiymatda ommaviy savdolarga chiqariladi. Bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida investitsiya majburiyati bilan sotilgan 97 ta ob’ekt negizida 157 milliard so‘m va 8 million dollar miqdorida loyihalarni ishga tushirish hisobiga 1 ming 800 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Transport va infratuzilmani rivojlantirish maqsadida, barcha manbalar hisobidan yo‘naltiriladigan 211 milliard so‘m mablag‘lar evaziga 680 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llar va ko‘chalar hamda 10 ta ko‘prik ta’mirlanadi. Qarshi shahridan Qarshi tumani Qovchin qishlog‘ida joylashgan “Abu Muin An-Nasafiy” ziyoratgohiga boradigan 30 kilometr yo‘l zamonaviy loyiha asosida rekonstruksiya qilinadi. “Uzbekistan GTL” zavodi uchun Nishon-Kengsoy stansiyalari oralig‘ida 1,5 kilometr aylanma temir yo‘l quriladi. Viloyatda sifatli jamoat transporti xizmatini yo‘lga quyish uchun 74 ta avtobus va 46 ta mikroavtobus sotib olinadi. Transport yetib bormagan olis hududlarda yangi 10 ta avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi. Dehqonobod va Shahrisabz tumanlaridagi avtostansiyalar rekonstruksiya qilinadi.  

Mahalliy byudjet daromadlarini oshirib bajarilgan qismi hisobidan 60 ta uy-joy sotib olinadi va ular xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga belgilangan tartibda beriladi.  
– Shu o‘rinda, Qarshi shahridagi “Shodlik” mahallasida joylashgan yotoqxona masalasiga ham to‘xtalib o‘tishim joiz, – dedi M.Azimov. 

[gallery-5154]

– Ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan mazkur muammoni joyiga borib, o‘zim o‘rgandim. Aholi bilan muloqotda bo‘ldim. Meni qattiq tashvishga solgani, yotoqxonada hech qanday sharoiti bo‘lmagan xonalarda yashayotgan farzandlar ta’lim-tarbiyasi va taqdiri qanday kechadi. Tezlik bilan bu yerda homiylik asosida ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Viloyat rahbari sifatida aytishim kerak, yotoqxonada turadigan har bir insonning taqdiri alohida e’tiborga olingan. Talabga ko‘ra, uy-joyga ehtiyoji bor bo‘lgan fuqarolarga uy-joy beriladi, davolanishi zarur bo‘lganlarga tibbiy xizmat ko‘rsatiladi, yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan odamlarning taqdiri ham e’tiborimizda.  

2022 yildan boshlab, “Bog‘dod tajribasi” asosida uy-joylar, ishlab chiqarish, sanoat va ijtimoiy infrastruktura ob’ektlarini o‘z ichiga olgan Yangi O‘zbekiston massivlari barpo etiladi. Birinchi bosqichda, Koson tumanining “Do‘stlik” va Yakkabog‘ tumanining “Ayg‘irko‘l” MFYlar hududidan ko‘p qavatli turar-joylar barpo etish uchun yer maydonlari tanlab olindi. Koson tumani “Do‘stlik” mahallasida 30 ta va Yakkabog‘ tumani “Ayg‘irko‘l” mahallasida 25 ta ko‘p xonadonli uy-joylar, 5 ta ijtimoiy soha ob’ekti quriladi. Ushbu ob’ektlar uchun 4 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 4 dona suv inshooti, 5 kilometr oqova suv tarmog‘i, 2 dona lokal tozalash inshooti va 900 metr yo‘l quriladi, 1 kilometr elektr, 3 kilometr aloqa va 800 metr tabiiy gaz tarmog‘i tortiladi. Har bir massivda 20 gektardan iborat “Yoshlar issiqxona majmua”lari qurilib, oilalarga 10 sotixdan bo‘lib beriladi. Aholini doimiy ish bilan ta’minlash maqsadida, massivlar hududida 2 ta kichik sanoat zonasi tashkil etiladi.  

Sessiyada respublikada va viloyatda faoliyat yuritayotgan OAV vakillari ham faol ishtirok etdi. Sessiyadan bir kun avval ular uchun viloyat hokimligi tashabbusi bilan viloyat hududidagi ishlab chiqarish korxonalariga press-tur ham tashkil etildi.  

 

O‘lmas Barotov,  
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA