Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumini tez fursatlarda yakunlash bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash lozimki, viloyatda joriy yilda 26 ta g‘allachilik klasterlari tashkil qilinib, 2022 yil hosili uchun 140 ming gektar suvli maydonlarda 6 ming 600 nafar fermer xo‘jaliklari bilan fyuchers shartnomasi asosida boshoqli don hosili yetishtirilmoqda. Bu yil viloyatda o‘tgan yillardan farq qilgan holda g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida har 2-3 ta kombaynni bittadan otryadga biriktirib, 176 ta otryad tashkil etildi.
Har bir otryad rahbarligiga bir nafardan mas’uliyatli tuman tashkilot-korxona rahbarlari tayinlangan. Ularning yoniga o‘rinbosar sifatida ichki ishlar organlaridan 1 nafar xodim biriktiriladi.
Otryad rahbari, o‘rinbosari va a’zolarining aniq vazifalari belgilab berildi. Bunda, otryad g‘allani bir yo‘nalishda boshlab, shartnomaviy reja to‘liq bajarilganidan so‘ng, ortiqcha g‘alla fermer xo‘jaligi ixtiyorida qoldiriladi. Barcha fermer xo‘jaliklari shartnomaviy g‘alla sotish rejasini to‘liq bajarganidan so‘ng, qoldiq g‘alla maydoni fermer xo‘jaligiga o‘rib beriladi.
– Joriy yilda har yilgidan farqli ravishda, asosiy maqsad o‘rim muddatini kamida 10 kunga qisqartirishdan iborat bo‘lib, buning uchun g‘alla o‘rim-yig‘imini uyushqoqlik bilan o‘tkazgan holda 25-30 kunda to‘liq o‘rib-yig‘ib olish choralarini ko‘rishimiz zarur, – dedi viloyat hokimi. – Bundan tashqari, yetishtirilgan g‘alla hosilini sotishda erkin bozor narxlarida olib borilishi belgilandi. Don korxonalariga topshiriladigan tovar donning 80 foizi don korxonalari tomonidan o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar qimmat narxlarda, ya’ni har bir tonna g‘alla uchun uch million so‘mdan to‘lab beriladigan bo‘lsa, qolgan 20 foizi don korxonalari omborlarida saqlangan holda bozor narxlarida birja savdolari orqali sotilib, fermerlarga to‘lab beriladi. Qariyb 500 ming tonnadan ortiq g‘alla aholi va fermerlar ixtiyorida qoladi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilda viloyatda mirishkorlarning mashaqqatli mehnati evaziga yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olish uchun har bir kombaynga 2 nafardan operator, 1738 ta yuk tashuvchi avtomobil, 118 ta ustaxona va 67 ta yoqilg‘i tashish vositalari jalb qilingan.
Tadbir davomida viloyat hokimi boshchiligidagi mas’ullar o‘rim kombaynlari va g‘allani tashishda xizmat qiladigan avtotransport vositalarining texnik holati bilan tanishdi. Shuningdek kombayn operatorlariga mavsum oldidan oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi va jonliq so‘yilib, qurbonlik qilindi.
O‘lmas Barotov, O‘zA