Qashqadaryo viloyati mamlakatimizning o‘ziga xos iqlim sharoiti va betakror tabiatiga ega ekanligi hamda bag‘rikengligi va mehnatkashligi bilan o‘zgalarga namuna bo‘la oladigan xalqi bilan alohida ajralib turadi.
Mustaqillik yillarida viloyat respublikada yetakchi paxta va g‘alla yetishtiruvchi hamda neft-gaz va kimyo sanoati rivojlangan hudud sifatida yetakchilik qilib kelgan bo‘lsa, so‘nggi olti yilda amalga oshirilgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar natijasida aholi daromadi oshishiga katta ta’sir qiluvchi elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish, ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish kabi sohalar ham jadal rivojlanmoqda.
Jumladan, so‘nggi besh yilda viloyatda yetishtirilgan paxtani to‘liq qayta ishlash imkoniyati yaratilishi natijasida paxta xomashyosini qo‘shimcha qiymat yaratgan holda sotish imkoniyati vujudga keldi. Shu bilan birga, yaqin vaqtgacha Qashqadaryo viloyati qurilish sohasidagi eng muhim mahsulot sement ishlab chiqarish bo‘yicha nol darajada bo‘lib kelgan bo‘lsa, hozirda Kitob tumanida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda qurilgan sement zavodi sabab, nafaqat o‘z ichki ehtiyojini qondirish, balki mahsulotni eksport qilish imkoniyati ham yaratildi. Bunday sanoat korxonalari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi esa, munosib daromadga ega ish o‘rinlari yaratilishiga zamin bo‘lmoqda.
Albatta, bu kabi yangi yo‘nalishlardan tashqari kimyo va neft mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi yetakchilik ko‘rsatkichini yangi bosqichga olib chiqilganligi ham viloyatning iqtisodiy imkoniyatlari ortishiga xizmat qilmoqda. O‘tgan yili Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha «Uzbekistan GTL» zavodining ochilishi fikrimizga misol bo‘la oladi. Ushbu majmua yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlab, qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqarish, jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlash imkonini berib kelmoqda.
Kuni kecha Davlatimiz rahbari boshchiligida mas’ullar ishtirokida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi. Xususan, viloyatda 2022 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan 10 mingta tadbirkorlik sub’ekti tashkil etib, ularning sonini 80 mingtaga yetkazish, 9 trillion so‘m investitsiya jalb qilib, 810 ta sanoat loyihalarini amalga oshirish, 430 mingta yangi ish o‘rni yaratish kabi dasturlarning ijrosi holati muhokama qilindi.
Jumladan, qishloq xo‘jaligida 12 ming 500 gektar yerni aholiga taqsimlab, 3 million 200 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, 11 ming gektar intensiv bog‘ va tokzor tashkil etib, meva-sabzavot eksportini 60 million dollarga yetkazish vazifalari qo‘yilgan. Ijtimoiy sohada esa 174 ta maktab, bog‘cha va poliklinika qurish va ta’mirlash, 1,5 ming kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortish hamda 1,8 ming kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilgan.
Ammo, bugun inson qadrini ulug‘lash orqali Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun tanlagan yo‘limiz, insonlar islohotlar natijasini ertaga emas, bugun o‘z hayotlarida his qilib yashashiga erishish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shu bois, yig‘ilishda aholi turmush farovonligini oshirish, viloyatning bu borada iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha vazifa va topshiriqlar belgilab olindi.
Buning uchun birinchi navbatda, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish orqali yaratilayotgan ish o‘rinlari sonini kelgusi yilda 207 mingtaga yetkazish, bunda soatiga 1,5 mingta avtomobil qatnoviga ega Shahrisabz-Kitob yo‘li bo‘yida xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish, Shahrisabzning Miraki va Kitobning Qaynar qishloqlarida turizmni rivojlantirish orqali 10 mingta ish o‘rni yaratish kabi imkoniyatlarda samarali foydalanish mumkinligi aytib o‘tildi.
Yuqorida ta’kidlaganimdek, bugun viloyatda katta salohiyatga ega yana bir soha – sanoat ham jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Ammo hali ishga solinmagan imkoniyatlardan to‘g‘ri va oqilona foydalanish orqali bu yo‘nalishda ham 960 ta loyihani amalga oshirib, 20 ming nafar aholini bandligini ta’minlashga erishish mumkin.
Xususan, 22 ta noruda konni o‘zlashtirib, talab yuqori bo‘lgan qurilish materiallari ishlab chiqarish imkoniyati bor. Kimyo, neft-gaz, energetika tizimidagi yirik korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yib, 65 ta mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish mumkin. Shuningdek, klasterlar tomonidan taklif etilayotgan 12 ta loyiha paxtani chuqur qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat yaratish darajasini oshiradi.
Uchinchi yana bir muhim yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi tarmog‘idir. Jumladan, 18 ming gektar maydonda suv ta’minotini yaxshilab, qo‘shimcha 90 milliard so‘mlik mahsulot yetishtirish, 66 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib, 300 million kub metr suvni iqtisod qilish, 10 ming gektar paxta va g‘alla maydonini qisqartirish hisobiga 32 ming oila bandligini ta’minlash mumkin. Umuman, imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanilsa, bu sohada 295 ming nafar aholi ishli bo‘ladi.
Endilikda yuqoridagi kabi loyihalar hamda o‘zlashtirilgan investitsiyalar eng avvalo og‘ir mahallalarga yo‘naltiriladi. Xususan, kelgusi yil yakuniga qadar viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 60 foizga yetkaziladi. Ushbu mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va ijtimoiy sohadagi muammolarni hal etish uchun 2023 yilda respublika byudjetida 685 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” doirasida viloyat mahallalariga 135 milliard so‘m, yana 670 ta loyihani amalga oshirishga qo‘shimcha 265 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
Galdagi vazifa biz xalq vakillari nafaqat ushbu loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilishimiz, shu bilan birga qashqadaryolik faollar bilan doimiy ravishda maslahatlashib, ajratilayotgan mablag‘larning to‘g‘ri va oqilona sarflanishini ta’minlashimiz darkor. Shundagina aholi turmush farovonligini yaxshilashga, fuqarolarimizning bugungi islohotlardan rozi bo‘lgan holda yurt kelajagiga bo‘lgan daxldorligi ortishiga erishish mumkin.
Mahfirat XUSHVAQTOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA