Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo va Xitoy ishbilarmonlari ishtirokida biznes forum bo‘lib o‘tdi
11:05 / 2022-07-21

Qashqadaryo viloyati va Xitoy Xalq Respublikasi ishbilarmonlari o‘rtasida ilk marotaba tashkil etilayotgan mazkur forum pandemiya sababli onlayn formatda o‘tkazildi.

Forumni O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Muxtor elchisi Farhod Arziyev va Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov ochib berdi.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston va Xitoy davlatlarining savdo-iqtisodiy aloqalari yildan-yilga shiddat bilan rivojlanib, so‘ngi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1,7 barobarga o‘sishiga erishildi (2021 yilda 7,4 milliard dollar, 2022 yil 1-yarmida 4,5 milliard dollar).

Buni Qashqadaryo viloyati misolida ham ko‘rish mumkin.

Xususan, Kitob tumanida “Qarshi konch sement” MCHJ QK tomonidan qiymati 150 million dollarlik sement, Qarshi tumanida “"LT TEXTILE INTERNATIONAL” MCHJ QK tomonidan 217 million dollarlik ip-kalava ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirildi.

– Hozirda Qashqadaryo viloyatida 35 ta Xitoy sarmoyasi ishtirokida qo‘shma korxonalar faoliyat olib bormoqda, – deydi viloyat hokimi Murodjon Azimov. – Ularning yillik mahsulot ishlab chiqarish hajmi 111 million dollarni tashkil etib, Xitoyga mahsulotlar eksporti hajmi 5 million dollarga o‘sishga erishildi. Joriy yil birinchi yarim yilligida O‘zbekiston-Xitoy tashqi savdo aylanmasida viloyat hissasi 63 million dollarni tashkil etmoqda. Viloyatdan 25 turdagi 14 million dollarlik mahsulotlar eksportga yo‘naltirilgan bo‘lsa, 250 turdan ziyod 59 million dollarlik mahsulotlar import qilingan.

[gallery-7979]

Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish maqsadida, viloyatda Xitoy tajribasiga asosan 45 ta kichik sanoat zonasi va Qarshi aeroportiga yondosh 120 gektar maydonda erkin iqtisodiy zona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu hududlarda tadbirkorlik faoliyati uchun Davlat tomonidan barcha muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi yaratilgan.

Qashqadaryo viloyati respublikada hududining kattaligi bo‘yicha 3-o‘rin, aholisi soni bo‘yicha 4-o‘rinda turadi. Viloyat hududida yerosti va yerusti tabiiy qazilma boyliklari, qolaversa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha ulkan xomashyo bazasi hamda iste’mol bozori mavjud. Viloyatda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarning sanoat usulida qayta ishlash darajasi past. Xususan yetishtirilgan mevaning 12 foizi, sabzavotning 2 foizi, uzumning 4,8 foizi, go‘shtning 1,1 foizi, sutning 2,8 foizi qayta ishlanayotganligi, bu mahsulotlarga viloyatning o‘zida katta bozori borligini ko‘rsatadi. Viloyatda keyingi 5 yilda yetishtiriladigan qariyb 10 million tonnalik chorvachilik mahsulotlarini yoki qariyb 65 million tonnalik dehqonchilik mahsulotlarni qayta ishlash bo‘yicha yangi investitsiya loyihalarini joriy etish zarurati mavjud. Vaholanki, juda katta miqdorda qayta ishlangan qishloq xo‘jalik mahsulotlari viloyatga chetdan yoki boshqa viloyatlardan olib kelinadi.

Bundan tashqari, viloyat hududida 23 turdagi 147 ta foydali qazilmalar mavjud. Masalan, kafel uchun zarur bo‘lgan xomashyoning 90 foizi, santexnika (unitaz, rakovina va boshqalar) mahsulotlari uchun 98 foiz, steklokristallit uchun 72 foiz, qurilish oynasi uchun 86 foiz hamda chinni idishlar uchun 100 foiz komponentlar viloyatning o‘zidagi konlarda mavjud.

Ushbu xomashyo zaxiralarini qo‘shma korxonalar tashkil qilib, shu yerning o‘zida viloyatning ichki bozori va tashqi bozorlar uchun qayta ishlansa va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilsa yuqori natijalarga erishish mumkin. Eng asosiysi bu mahsulotlarga talab yuqori, xususan keyingi 5 yilda 24 ming xonadonli, 2022 yilning o‘zida 3,5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilganligi qurilish materiallariga talabning yuqoriligini ko‘rsatadi.

Qashqadaryoda kelgusi 5 yilda, ya’ni 2026 yilga borib, aholi soni 4 million kishiga yetishi oziq-ovqat, qurilish materiallari, to‘qimachilik mahsulotlari va boshqa turdagi birlamchi mahsulotlarga talab oshib borishi taxmini ilgari surilgan. Yana bir masalani alohida qayd etish zarurki, 2021 yilda viloyat bo‘yicha elektr energiyasiga talab 5,6 milliard kVtni tashkil qilib, yiliga o‘rtacha 300 million kVtga ortib bormoqda.