Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo sohillarida xavfli kasallik aniqlangani rostmi? (+Video)
11:15 / 2022-08-05

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanalida «Cho‘milish havzalaridagi suvlarning salomatlikka zarari yo‘qmi?» mavzusidagi ovozli chat orqali berilgan savollarga Sanitariya- epidimiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bosh mutaxassisi Raufjon Qosimov javob berdi.

— Qashqadaryo sohillaridagi suvda xavf kasallik, ya’ni vabo aniqlangan. Ayrim odamlarni baliq tutayotganining guvohi bo‘ldim. U yerdagi suv qanday tozalanadi?

— O‘ta yuqumli kasallik hisoblanadigan vaboning turlari ko‘p. Vabo va vaboga o‘xshagan kasallik bor. Ya’ni haqiqiy vabo va vabosimon bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, kasal va kasallikka chaqiruvchi bor. Agar insonda kasallikning alomatlari paydo bo‘lib, shifoxonada yotsa, uni kasal deymiz. Lekin suvda kasallikni chaqiruvchi mikrob vibrion aniqlangan bo‘lsa, unda bu kasallik emas. Bu suv manbasida kasallikni chaqiruvchi mikrob aniqlandi, degani.

Agar kasallik paydo bo‘lgan bo‘lsa, epidemiyaga qarshi davolash, dezinfeksiya, tushuntirish, karantin tadbirlari o‘tkaziladi. Suv ifloslangan bo‘lsa, uning manbasini qidirish kerak. Qayerdadir odamlar mag‘zava, dushxonadagi, hojatxonadagi suvni oqizib ifloslantirgan bo‘lishi mumkin. Albatta bunday hududlarda tozalash va nazorat ishlari olib boriladi. Agar kasallik aniqlanmasa, nazorat kuchaytiriladi, aniqlansa, zararsizlantirish ishlari amalga oshiriladi. Kuzatuvchimiz aytgan joydagi suvda vibrionsimon 0,1 nag turi aniqlangan. Qayta tekshirilganda, bu vibrionning manbai aniqlanmadi, hozircha sababi noma’lum.

— Bugun qishloq bolalari qayerlarda cho‘milishyapti?

— Hozir ayrim tuman markazlarida suv havzalari, ya’ni basseynlar bor, lekin ular sanoqli. Respublikamizning ko‘p joylarida suv ta’minoti masalasi muammo bo‘lib kelyapti. Aholi o‘sishi va talab oshishi natijasida suvning hajmi kamayapti. Aslida cho‘milish havzalari ko‘paysa, yaxshi bo‘lardi. Ammo amaliyotga qaraydigan bo‘lsak, hattoki ayrim qishloqlarda suv yo‘q. Ba’zi maktab, bog‘chalarga mashinalarda tashib borishadi. Suv tanqis bo‘lgan joylarda basseynlar qurish o‘rinli emas.

Hozir ko‘pgina tuman, viloyat markazlarida basseyn qurish harakatlari ketyapti. Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiyda shunday markazlar bor. Qishloqdagi bolalar asosan ko‘lda, kanal va ariqlarda cho‘milishyapti. Ammo bolalar har doim atrofi o‘ralgan va nazoratchisi bor ko‘llarda cho‘milishlari kerak.

— Cho‘milish havzalaridagi suvning ozodaligiga kim yoki qaysi tashkilot javobgar?

— Qayerda suv havzalari bo‘lsa, o‘sha yer sanitariya nazorati xodimlari tomonidan o‘zining vaqti, grafigi asosida tekshiriladi. Har hafta, o‘n kun yoki bir oy ichida ham kimyoviy, bakteriya, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarga suvlardan namunalar olib, o‘rganiladi. Ichimlik suviga yaqin bo‘lgan joylarda nazorat ko‘proq o‘rnatiladi. Sanitariya gigiyena xizmati va maxsus laboratoriya tashkil etiladi.

<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/0vN1UqNx_Uo" title="Qashqadaryo sohillarida xavfli kasallik aniqlangani rostmi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>


N. Rahmonova, N. Abduvoitov (video), O‘zA