Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida joylashgan Milliy gvardiya Qorabayir otchilik majmuasida tashkil etilgan “O‘zbekiston otlari” nufuzli ko‘rgazmasida mamlakatning eng nomdor qorabayir zotli otlari jam bo‘ldi va ishtirokchilarga unutilmas lahzalarni tuhfa etdi.
Davlat rahbarining tegishli qaroriga muvofiq an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur ko‘rgazmaning asosiy maqsadi – milliy otchilik merosini asrab-avaylash, uni yosh avlodga yetkazish hamda O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi salohiyatini jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etishdan iborat.
Ko‘rgazmani tomosha qilish maqsadida Ispaniya, Xitoy kabi mamlakatlardan 100 nafarga yaqin xorijiy sayyohlar, shuningdek, mingdan ortiq mahalliy aholi vakillari tashrif buyurdi. Ayniqsa, tadbir doirasida milliy folklor jamoalarining chiqishlari, milliy liboslar ko‘rgazmasi va chavandozlar ishtirokidagi namoyishlar xorijlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mehmonlar ta’kidlashicha, milliy merosimizning ajralmas qismlaridan biri bo‘lmish qorabayir zotli otlar, samoviy arg‘umoqlar, milliy liboslardagi chavandozlar hamda har bir otda mujassam bo‘lgan azaliy tariximiz – ularda unutilmas taassurot qoldirdi. Shu bilan birga, otchilik madaniyati, otlar parvarishi va yurtimiz milliy madaniyatining boy merosi yuksak baholandi.
[gallery-25395]
Tadbirning asosiy qismida Milliy gvardiya chavandozlar maktablari, Surxondaryo viloyatidagi Qorabayir otlari mahorati maktabi hamda Qashqadaryo viloyatidagi Qorabayir otchilik majmuasida parvarishlanayotgan, jahon arenalarida mohir chavandozlarimiz bilan birga chempionlikni qo‘lga kiritib, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilayotgan milliy merosimizning ajralmas qismi sanaluvchi noyob zotli otlar – qorabayir, axalteka va qator xorijiy zotdagi otlar namoyish etildi.
Namoyish davomida har bir sport otining kelib chiqish tarixi, parvarish uslubi va sportdagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir davomida chavandozlar ishtirokida ot sportining turli yo‘nalishlarida – uloq-ko‘pkari, ot ustida kurash hamda polo bo‘yicha ayollar jamoalarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Shuningdek, ko‘rgazma maydonida mehmonlar uchun maxsus tashkil etilgan burchaklarda otlarga oid milliy hunarmandchilik buyumlari, milliy laparlar ijrosi va tarixiy eksponatlar namoyish qilindi.
Ko‘rgazmaning yanada yuqori saviyada o‘tishi hamda tashrif buyurgan mehmonlarda chuqur taassurot qoldirish maqsadida Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazining ashula va raqs ansambli hamda Qashqadaryo viloyatining taniqli xonandalari tomonidan kuy, qo‘shiqlar yangradi. Shu bilan birga, Milliy gvardiya kavaleriya eskadroni chavandozlarining jigitovka – ot ustida akrobatik harakatlar, shuningdek, Milliy gvardiya ot sporti bo‘yicha oliy sport mahorati maktabi chavandoz qizlarining ko‘rgazmali chiqishlari tomoshabinlarga yuqori ruh va xush kayfiyat ulashdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/O39ywvbzqcU" title="Qashqadaryo “O‘zbekiston otlari” nufuzli ko‘rgazmasiga mezbonlik qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari