Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Qashqadaryo viloyatida sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni rivojlantirish istiqbollari o‘rganildi. O‘rganish doirasida viloyatda 30 ta mahalliylashtirish dasturi korxonalari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi, mavjud salohiyat va imkoniyatlar tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, 2024 yilda Qashqadaryoda mahalliylashtirish loyihalari doirasida turli mahsulotlar ishlab chiqarilib, ular orqali import o‘rnini bosish ta’minlandi. Jumladan, transformator, svetofor va zamonaviy boshqaruv uskunalari kabi 20 turda yangi mahsulotlar o‘zlashtirildi.
2025 yilda hududda mahalliylashtirish doirasida yangi loyihalarni amalga oshirib, ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirish va 66 turdagi yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Korxonalarning 70 foizi ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq va yuqori darajada foydalanmoqda, 12 foizi to‘liq raqamlashtirilgan, 78 foizi esa qisman raqamlashtirilgan. Bu esa hududda sanoat jarayonlari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, so‘rovnomada qatnashgan korxonalarning 30 foizi kam quvvatda ishlayotganini bildirgan. Jumladan, 7 ta korxona 20-30 foiz, 20 ta korxona esa 40-50 foiz quvvatda ishlamoqda. Bunda ishlab chiqarishni to‘liq yo‘lga qo‘yish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi va mahalliy byudjet daromadlari oshishi kutilmoqda.
Qashqadaryoda hozirda 96 mln. dollarlik elektrotexnika, 19 mln. dollarlik nasoslar, 6,4 mln. dollarlik farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy buyumlarni mahalliylashtirish imkoniyati mavjud.
Eksport ko‘rsatkichlari ham ijobiy sur’atda o‘smoqda. Viloyatda mahalliylashtirish dasturiga kirgan 7 ta korxona (15 foiz) 4,1 mln. dollarlik mahsulot eksport qilgan. Bu esa Qashqadaryoda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tashqi bozorda raqobatbardosh ekanini tasdiqlaydi.
Mahalliy xomashyodan foydalanish imkoniyatlari bo‘lib, shisha (4,6 mln. tn.), kremniy (1,6 mln. tn.), slanets (113 mln. tn.), bentonit gili (32,5 mln. tn.) kabi qazilmalar mahalliylashtirish loyihalarida ishlatilishi mumkin. Bu esa hududning sanoat salohiyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
2024 yilda hududda 48 ta mahalliylashtirish loyihasi amalga oshirilib, jami 463 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 36 mln. dollarlik import o‘rni bosildi, 4 mln. dollarlik mahsulot eksport qilindi va 308 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
2025 yilda esa 50 ta yangi loyiha amalga oshirilishi, umumiy qiymati 1,03 trln. so‘mga yetkazilishi, 80 mln. dollarlik importni maqbullashtirish va 385 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Koson tumanida metall uskunalar va buyumlar ishlab chiqarish loyihasi (Rapid Rais Texnoprom MCHJ), quvvati – 3,2 ming tonna, qiymati – 25 mln. dollar, 150 ta ish o‘rni, 4 mln. dollarlik eksport hajmi, byudjetga 10 mlrd. so‘m tushum) hamda Qarshi shahrida polietilen ishlab chiqarish loyihasi (Nasaf XCP Techno MCHJ QQ), quvvati – 35 ming tonna, qiymati – 8 mln dollar, 65 ta ish o‘rni, 30 mln dollarlik importni maqbullashtirish, byudjetga 5 mlrd so‘m tushum) 2025 yilda amalga oshiriladigan yirik loyihalar sanaladi.
Shunday qilib, tahlillar Qashqadaryo viloyatida sanoat kooperatsiyasi, mahalliylashtirish, ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish bo‘yicha katta salohiyat mavjudligini ko‘rsatmoqda. Mutasaddi idoralar tomonidan ushbu imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda.
M.Qosimova tayyorladi, O‘zA