Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo delegatsiyasi Germaniyada
14:17 / 2026-01-24

Murotjon Azimov boshchiligidagi Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ta’lim, sog‘liqni saqlash, investitsiya, tartibli migratsiya hamda innovatsiya yo‘nalishlarida qator muhim uchrashuv va forumlar o‘tkazildi.

Tashrif davomida Germaniyaning ilmiy-ta’lim va iqtisodiy salohiyati yuqori bo‘lgan Haydelberg, Dyusseldorf va Manhaym shaharlarida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi delegatsiya Germaniya tajribasi asosida yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, tartibli migratsiyani yo‘lga qo‘yish hamda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.

Xususan, Haydelberg shahri meri Ekkart Vursner bilan uchrashuvda ta’lim va kasbiy tayyorgarlik, sog‘liqni saqlash, investitsiyalarni jalb etish hamda tartibli migratsiya sohalarida uzoq muddatli va barqaror hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida bir qator muhim kelishuvlarga erishildi. Qayd etish joizki, Haydelberg asrlar davomida Yevropa ilm-fani va ta’limi rivojining muhim markazi bo‘lib kelmoqda. Bu yerdagi Haydelberg universiteti, Yevropa molekulyar biologiya laboratoriyasi, Nemis kanser tadqiqot markazi va Maks Plank institutlari shaharni global ilmiy-tadqiqot hamda innovatsiya markaziga aylantirgan.

Shuningdek, Haydelberg shahrida Germaniyaning yetakchi ishbilarmon doiralari, savdo-sanoat va hunarmandchilik palatalari vakillari ishtirokida “Haydelberg – Qashqadaryo iqtisodiy forumi” o‘tkazildi. Forumda ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, yangi investitsiya loyihalarini ilgari surish va amaliy hamkorlik mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi. Forum yakunida ta’lim, investitsiya va tartibli migratsiya yo‘nalishlarida qator kelishuvlar imzolandi.

Tashrif doirasida Haydelberg – Manhaym universitet klinikalari tarmog‘i bosh direktori professor Xanns-Peter Knabel bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tibbiyot sohasida texnologiyalar transferi, tibbiy kadrlar malakasini oshirish, akademik almashinuv va sog‘liqni saqlash tizimida zamonaviy hamkorlik mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama qilinib, o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Dyusseldorf shahrida esa “Qashqadaryo – Dyusseldorf iqtisodiyot va hamkorlik forumi” tashkil etildi. Yevropa miqyosida ilg‘or biznes va innovatsiya xablaridan biri sanalgan ushbu shaharda o‘tkazilgan forumda Germaniyaning 50 dan ortiq yirik va o‘rta korxonalari ishtirok etdi. Forumda Qashqadaryo viloyati bilan sanoat, sog‘liqni saqlash, ta’lim, investitsiya va tartibli migratsiya sohalarida ko‘p qirrali hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinib, qator kelishuvlar imzolandi.

Shuningdek, Manhaym shahrida shahar rahbariyati, ta’lim muassasalari va ishbilarmonlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda oliy va kasbiy ta’lim sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik, dual ta’lim dasturlarini joriy etish, muhandislik va texnik yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sanoat sohasida esa mashinasozlik, kimyo, logistika va innovatsion ishlab chiqarish tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatida Markaziy Osiyodagi ilk nemis bog‘chasi ochilgani ham ikki tomonlama hamkorlikning mustahkam poydevorga ega ekanini ko‘rsatadi.

Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining Germaniyaga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA