English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qashqadaryo chorvachiligida yangi bosqich
16:54 / 2025-09-24

Aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash – bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri. Qashqadaryo viloyatida ham chorvachilikni rivojlantirish, mahsuldorlikni oshirish yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda viloyatda 1 million 762 ming bosh qoramol va 5 million 109 ming bosh mayda shoxli chorva mollari parvarish qilinmoqda. Bu nafaqat aholini go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash, balki ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlashga ham xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 17 iyuldagi qarori asosida Mo‘g‘uliston bilan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, qo‘ylar zotini yaxshilash va mahsuldorlikni oshirish maqsadida amaliy ishlar boshlandi.

Qashqadaryoga Mo‘g‘ulistondan 10 ming bosh “bayad” zotli qo‘y olib kelish rejalashtirilgan. Hozirgacha tadbirkorlar tomonidan qiymati 27 milliard so‘mlik 11,6 ming bosh qo‘y uchun shartnomalar tuzildi. Ulardan 5 mingtasi allaqachon yetib kelib, mahalliy iqlimga moslashish jarayonini muvaffaqiyatli o‘tmoqda.

– Bu qo‘ylar tez harakatchan, ozuqa tanlamaydi. Asosan go‘sht va jun yo‘nalishida samarali. Har bir qo‘yga kunlik ozuqasi yetarli tayyorlangan, shuning uchun qisqa vaqtda o‘zini tiklab oldi, – deydi viloyat chorvachilik boshqarmasi rahbari Shuhrat Eshmatov.

Yakkabog‘ tumanida joylashgan “Oqtosh kelajagi” MCHJ rahbari Xolmirza Turumov ham Mo‘g‘ulistonga borib, iqlimimizga mos qo‘ylarni o‘rganib keldi va 5 milliard so‘mlik imtiyozli kredit evaziga 2 ming bosh “bayad” qo‘y olib keldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘ylar jun sifati bilan ham alohida ahamiyatga ega.

– Juni mayin va qayta ishlashga juda qulay, – deydi X.Turumov. – Shuning uchun biz go‘sht bilan birga jun mahsulotlarini ham bozorga chiqarishni rejalashtirganmiz.

“Kumush kuz fayzi” MCHJ esa parrandachilik bilan birga chorvachilik yo‘nalishini ham yo‘lga qo‘ydi. Ular ikki ming bosh “barga” zotli qo‘yni olib kelib, sanoat usulida parvarishni boshladi. Bu usul samarasi shundaki, yil davomida qo‘ylar ikki marta qo‘zilaydi va kichik vaqt ichida poda soni ikki-uch barobar ko‘payadi.

– Ilgari ikki ming qo‘yni 2 ming gektar yerda o‘tlatgan bo‘lsak, hozir 200 gektar yerda ham ularga yetarli ozuqani yetishtirib, sanoat usulida boqish imkoniga egamiz, – deydi tadbirkor Oybek Kamolov. – Bu esa samaradorlikni bir necha barobar oshiradi.

Kitob tumanidagi “Sharipov Hamroqul” fermer xo‘jaligi ham ming bosh qo‘y olib keldi. Yaqin kunlarda viloyatga yana 6 ming 500 bosh zotdor qo‘y keltirilishi kutilmoqda. Maxsus mutaxassislar ularni parvarish qilish, profilaktika tadbirlari va iqlimga moslashish jarayonlarini nazorat qiladi. Yil oxirigacha umumiy hisobda keltirilgan 10 ming bosh nasldor qo‘y mahalliy sharoitda ko‘paytirilib, ularning soni 100 ming boshgacha yetishi rejalashtirilgan.

Xulosa qilib aytganda, Qashqadaryo chorvadorlari uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Mo‘g‘ulistondan olib kelinayotgan zotdor qo‘ylar nafaqat sifatli go‘sht va jun manbai, balki aholi uchun arzon mahsulot, tadbirkorlar uchun esa barqaror daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA