English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarzni to‘lamaslik mulkni yo‘qotishga sabab bo‘ladi
12:29 / 2026-01-22

Qonunchilikka ko‘ra, Majburiy ijro byurosi organlari qarzdorligi bo‘lgan fuqarolar va yuridik shaxslarga qarzini ixtiyoriy to‘lashga vaqt belgilaydi.

Ixtiyoriy to‘lanmagan qarzdorlik esa majburiy tartibda undiriladi. Bunda, qarzni undirish qarzdorning pul mablag‘lariga, mulkiga qaratiladi.  

Majburiy ijro byurosining Chilonzor tumani bo‘limi ish yurituvida Chilonzor tumani davlat soliq inspeksiyasining qaroriga asosan qarzdor “V.B.” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 1,2 milliard so‘m miqdorida soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.  

Qarzdor korxona nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklarni aniqlash maqsadida “MIB-portal” elektron tizimi orqali tegishli davlat organlariga so‘rovlar yuborilgan.    

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra,  qarzdor mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lgan Yunusobod tumani hududida joylashgan ko‘chmas mulk mavjudligi aniqlanib, unga nisbatan belgilangan tartibda taqiq chorasi qo‘llanilgan.  

Qarzdor tomonidan soliq qarzi ixtiyoriy muddatda qoplanmagani sababli  xizmat ko‘rsatuvchi banklardagi barcha hisob raqamlariga inkasso topshiriqnomalari yuborildi. Pul mablag‘lari harakatiga band qo‘yildi.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor korxonaga tegishli bo‘lgan noturar bino belgilangan tartibda xatlanib, elektron auksion savdolariga chiqarildi. Auksion natijalariga ko‘ra,  ushbu ko‘chmas mulk 840 million 472 ming 500 so‘mga sotilib,  tushgan mablag‘lar to‘liq soliq qarzdorligini qoplashga yo‘naltirildi.

MIBning Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan  soliq inspeksiyasining qaroriga asosan “T.G.S.Q.M.” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 129 million 451 ming so‘m soliq qarzini undirish bo‘yicha ijro ishi qo‘zg‘atildi.

Qarzdorlik ixtiyoriy muddatda to‘lanmagani sababli korxonaning bank hisob raqamlariga band qo‘yildi. “Hyundai HD 260” rusumli avtotransport vositasi xatlandi. 1 milliard 681 million so‘mga baholangan transport vositasi elektron auksionga chiqarildi.

Ko‘rinib turibdiki, qarzdorlikni vaqtida to‘lamaslik mol-mulkka nisbatan majburiy ijro choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

N.Abduraimova,  

O‘zA