English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarzni to‘lamaslik mulkdan ajralishga sabab bo‘ladi
11:56 / 2025-09-17

Birovdan olingan qarz yoki turli sabablar tufayli yuzaga kelgan qarzdorlikni o‘z vaqtida qaytarish yoki bartaraf etish oddiy insoniy burch hisoblanadi. Bu burchni bajarmaslik holatlarida esa qonun harakatga keladi.

Ya’ni, qarzdor o‘z ixtiyori bilan qarzini to‘lamasa, qonuniy yo‘l bilan majburiy tartibda undiriladi.  

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 44-moddasiga ko‘ra, majburiy ijro etish choralari to‘g‘ri rasmiylashtirilgan ijro hujjati qonunda belgilangan tartibda topshirilganda hamda ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida davlat ijrochisi tomonidan qaror qabul qilinganda qo‘llaniladi.  

Bundan ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibida ijro hujjatlarini ijro etish hollari mustasno.

Qonunning 45-moddasiga ko‘ra, ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun davlat ijrochisi tomonidan belgilangan muddatning o‘tganligi majburiy ijro etish choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.  

46-moddaga binoan majburiy ijro etish choralari sifatida undiruvni qarzdorning pul mablag‘lariga va boshqa mol-mulkiga, boshqa shaxslarda turgan pul mablag‘lariga va boshqa mol-mulkiga, debitorlik qarziga, alohida mulkiy huquqlarga, ish haqi, stipendiya, pensiya va boshqa turdagi daromadlariga qaratish mumkin. Ijro hujjatida ko‘rsatilgan muayyan ashyolarni qarzdordan olib qo‘yish va undiruvchiga topshirish amaliyoti ham qo‘llaniladi.  

Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan mazkur qonun talablari asosida izchil ishlar olib borilmoqda.  

Joriy yilda ish yurituvda 6 ming 941 nomulkiy turdagi ijro hujjatlari bo‘lib, shundan 948 tasi noqonuniy qurilmani buzish, 1,5 mingdan ziyodi uyga kiritish yoki chiqarish, 1,5 mingga yaqini  bola olib berish yoki bola bilan uchrashtirish, 255 tasi ishga tiklash va 3 mingga yaqini boshqa nomulkiy turdagi ijro hujjatlarini tashkil etgan.  

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida 2 ming 832 ijro hujjati bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilingan. Shundan 1,5 ming ijro hujjatining ijrosi amalda tamomlangan.

Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha  Uchtepa tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan “Zargarlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan noqonuniy qurilgan do‘kon buzilib,  yer maydoni o‘z holiga qaytarildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, bu kabi ishlar viloyatlarda ham izchil olib borilmoqda.

Byuroning Jizzax viloyati boshqarmasi hamda hududiy bo‘limlari tomonidan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorlarning mulklari xatlangan. Ijro talabi bajarilmaganidan keyin mulklar musodara etilgan.  

Bunday mulklar esa savdo yarmarkalari tashkil etish orqali sotilib, tushgan mablag‘ qarzdorliklarni qoplashga yo‘naltirilmoqda. Shunday yarmarkalardan birida musodara qilingan  telefonlar arzon narxlarda sotildi. Savdo aholi gavjum joylarda o‘tkazilib, xaridorlarga tegishli hujjatlar  rasmiylashtirib berildi.

Byuroning Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan soliq qarzdorligi sababli xatlangan gaz quyish shoxobchasi endilikda elektron auksion savdosiga qo‘yildi.

Hozirda 14 milliard 691 million so‘mga baholangan ushbu shoxobcha bunday katta qarzga tushib qolishiga nima sabab bo‘lgani ochiqlanmagan.

Bunday holatlar takrorlanmasligi uchun, avvalo, moliyaviy savodxonlikni oshirish, biznes yuritishdagi xavf-xatarlarni to‘g‘ri baholash va, zarur bo‘lganda, tegishli organlardan ko‘mak va maslahat olish maqsadga muvofiq.  

Boshqa bir holatda esa Qo‘qon shahar elektr ta’minoti korxonasi Qo‘qon shahar suv ta’minoti korxonasiga bo‘lgan 600 million so‘mlik qarzdorlikni 5 kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda qoplab berdi.

Tashkilotlar o‘rtasidagi muhim moliyaviy masala byuro aralashuvi bilan muddatidan oldin hal etildi.  

Byuroning Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan qarzdor shaxsga kredit qarzdorligini to‘lashi zarurligi haqida bir necha marotaba ogohlantirish berilgan. Biroq qarzdor o‘z zimmasiga olgan majburiyatini bajarmagan va belgilangan muddatlarda to‘lovlarni amalga oshirmagan.  

Sudning ijro hujjatiga muvofiq, tadbirkor M.A.dan undiruvchi “O‘zsanoatqurilishbank” foydasiga 148,4 million so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilandi. Ijro hujjati talablari ijrosi ta’minlanishi uchun boshqarma xodimlari qarzdorga yana bir bor rasmiy ravishda ogohlantirish berdi. Ammo u baribir qarzini to‘lashdan bo‘yin tovladi.

Shu sababli, qonunchilik talablariga muvofiq, javobgarga tegishli bo‘lgan Baliqchi tumanidagi turarjoy binosi xatlandi. Hozirda mazkur xonadon  175 million so‘m boshlang‘ich qiymatda elektron onlayn-auksion savdosiga qo‘yildi.

Aytib o‘tish kerakki, fuqarolar kredit majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishi, uy-joy kabi muhim mulklarini yo‘qotishdan saqlaydi.

Aks holda, soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan qarzdorlikning oshib ketishi davlat byudjetiga hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar moliyaviy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.  

Jizzax viloyati soliq boshqarmasining “B.H” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan ijro hujjatlari bo‘yicha 324 million so‘m soliq qarzini undirish bo‘yicha ijro varaqasi byuroning Sharof Rashidov tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.

Davlat ijrochilari tomonidan qarzdorning hisob raqamlariga band solinib, barcha mol-mulklariga taqiq o‘rnatilgan.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli ishga tushmagan Metan zapravka bino-inshootlari xatlandi.

Qarzdorlik to‘liq bartaraf qilinmagan taqdirda, ushbu mulk auksion savdosida sotilib, tushgan pul qarzdorlikka yo‘naltiriladi.

Ko‘rinib turibdiki, qarzdan, majburiyatdan qochib qutilib bo‘lmaydi. Yaxshisi, ularni o‘z vaqtida bartaraf etgan ma’qul.  

Norgul Abduraimova, O‘zA