Qarzni qaytarmagach, 36 ta xonadon auksionga chiqarildi
Nukus tumanlararo iqtisodiy sudining 2025 yili 7 oktyabr kungi qaroriga asosan qarzdor “KTMS” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan “Ipotekabank” aksiyadorlik tijorat banki foydasiga 13,7 milliard so‘m undirish va uni garovga qo‘yilgan ko‘p qavatli uydagi 36 ta xonadonga qaratish belgilandi.
Ushbu sud qarori bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Alohida muhim ijro ishlarini ijro etish bo‘limi tomonidan ijro harakati olib borildi. Xususan, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga ushbu ijro hujjati ijrosini ta’minlash uchun 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilib, sud qarorining ijrosini ta’minlamaslik oqibati tushuntirildi.
Shunga qaramasdan, qarzdor tomonidan ijro hujjati talabi ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi sababli, garovga qo‘yilgan 36 ta xonadon bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan tegishli tartibda xatlovga olinib, joriy yilning 22 yanvar kuni elektron onlayn-auksion savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri