Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan M.Hayitovaning foydasiga 47 ming 700 AQSH dollarini undirish bo‘yicha hukm chiqqan.
Mazkur miqdorni so‘m qiymatida undirish bo‘yicha esa hujjat Majburiy ijro bo‘limiga kelib tushadi.
Shunga ko‘ra, Yunusobod tuman 18-mavzeda joylashgan xonadon undiruvchi nomiga rasmiylashtirilishi belgilandi.
Ya’ni yuqoridagi qiymat hisobiga qarzdordan uy undiruvi amalga oshirildi. Ushbu xonadon narxi aslida 47 ming 700 AQSH dollardan ko‘ra qimmatroq. Biroq, vaqtida to‘lanmagan qarz sabab mazkur shinam xonadon qo‘ldan boy berildi.
Ijro harakatlarida qarzdor M.Egamberdiyevning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqlariga vaqtincha chek qo‘yildi. Xonadonni qayta rasmiylashtirish va ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasiga yuklatildi. Natijada, kadastr hujjatlari M.Hayitova nomiga rasmiylashtirib berildi.
Xulosa qilganda, vaqtida to‘lanmagan qarzdorliklar qarzdan ko‘ra qimmatga tushishi va yirikroq talafotlarni keltirib chiqarishini mazkur holat aytib turibdi.
O‘zA