So‘nggi vaqtlarda aholi o‘rtasida banklardan kreditlar olinib, qarzni qaytarmaslik oqibatida qarzdorlarning mol-mulki hisobidan zararni qoplash choralari ko‘rilmoqda.
Masalan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2023-yil 6-noyabrdagi ijro varaqasiga asosan qarzdor Sh.M.dan undiruvchi “Kapitalbank” foydasiga jami 204 884 810 so‘m kredit qarzdorligi undirish belgilangan. Ushbu ijro hujjati MIBning Sayxunobod tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgandan keyin ijro harakatlari davomida qarzdor bir necha marotaba ogohlantirilib, undiruvni garovga qo‘yilgan “Malibu” rusumli avtotransport vositasiga qaratish belgilangan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor Sh.M. davlat ijrochisi tomonidan berilgan ixtiyoriy muddat o‘tganligi sababli, garovga qo‘yilgan “Malibu” rusumli avtotransport vositasi jarima maydonchasiga qo‘yilib, hozir “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdosiga chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Yoki Byuroning Sayxunobod tuman bo‘limi ish yurituvida mavjud bo‘lgan kredit qarzdorliklarini undirish bo‘yicha ijro harakatlari amalga oshirilishi jarayonida fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 18.04.2024-yildagi ijro varaqasiga asosan fuqaro M.M.dan “Kapitalbank” foydasiga 116 961 211 so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilangan.
Shuningdek, undiruvni garovdagi avtotransport vositasiga qaratish belgilangan.
Bo‘lim tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan “Lacetti” rusumli avtotransport vositasi xatlanib, belgilangan ixtiyoriy muddatlarda kredit qarzi to‘lanmaganligi sababli, “Lacetti” rusumli avtotransport vositasi “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida sotish uchun chiqarildi. Sotuvdan tushgan pul mablag‘i kredit qarzdorligiga yo‘naltiriladi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri