Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi ijro varaqasiga asosan, qarzdor "V.M." MCHJdan undiruvchi bank foydasiga 369 248,43 AQSH dollari miqdorida qarz undirish belgilangan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur qarz kredit shartnomasi doirasida olingan mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarmaslik oqibatida yuzaga kelgan. Kredit munosabatlarida asosiy talab — mablag‘ni shartnoma shartlariga muvofiq ravishda, belgilangan muddatda va to‘liq qaytarishdir. Majburiyat bajarilmagan taqdirda esa kreditor o‘z huquqlarini sud tartibida himoya qiladi.
Sud qaroriga muvofiq, undiruv garov sifatida rasmiylashtirilgan "Mercedes-Benz GLE 450" rusumli avtotransport vositasiga qaratildi. Qonunchilikka ko‘ra, garov qarzning qaytarilishini ta’minlovchi vosita hisoblanadi. Agar qarzdor majburiyatni bajarmasa, garov mulki sotuvga chiqarilib, tushgan mablag‘ qarzni qoplashga yo‘naltiriladi.

Ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasining Alohida muhim ijro ishlarni ijro etish sho‘’basi ish yurituviga kelib tushgan. Qarzdorga qonuniy tartibda ixtiyoriy ravishda qarzdorlikni bartaraf etish uchun muddat berilgan. Biroq belgilangan vaqt ichida qarz to‘lanmagani sababli majburiy ijro choralari qo‘llanilgan.
Ijro harakatlari davomida garov mulki aniqlanib, xatlandi hamda belgilangan tartibda savdoga tayyorlandi. Hozirda avtotransport vositasi E-auksion elektron savdo maydoniga joylashtirilgan. Auksion yakunlari bo‘yicha tushgan mablag‘, avvalo, qarzdorlikni qoplashga yo‘naltiriladi.
Ushbu holat iqtisodiy munosabatlarda shartnoma intizomi va moliyaviy mas’uliyatning naqadar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Kredit — bu faqat imkoniyat emas, balki jiddiy javobgarlik hamdir. Majburiyat o‘z vaqtida bajarilmasa, garovga qo‘yilgan mulkni yo‘qotish xavfi yuzaga keladi.
Hamroz Bayanov, O‘zA