Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida fuqarodan “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasiga yetkazilgan 58 mln 707 ming so‘mlik zarar hamda qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etmagani uchun 2,9 mln so‘m ijro yig‘imi ham undirildi. Ma’lum qilinishicha, bu choralar jinoyat ishlari bo‘yicha Oqoltin tuman sudining ijro hujjati asosida amalga oshirilgan bo‘lib, qarzdorning mulklari xatlanishi tufayli zararni undirish imkoniyati yaratilgan.
— Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish nafaqat shaxsning o‘z moliyaviy manfaatlariga, balki butun kommunal xizmatlar tizimiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi,- deydi MIB Shirin shahar bo‘limi boshlig‘i Akmal Abdukarimov. — Chunki bunday holatlar tizim samaradorligini pasaytiradi, resurslarning oqilona taqsimlanishiga xalaqit qiladi va aholi uchun xizmat ko‘rsatishda muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois korxona va mutaxassislar aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qonunchilikka qat’iy rioya qilishga, resurslardan oqilona foydalanishga, elektr energiyasidan faqat tegishli shartlar asosida foydalanishga chaqirmoqda. Ular ta’kidlamoqda: qonun talablariga amal qilish nafaqat shaxsning moliyaviy barqarorligini ta’minlaydi, balki kommunal xizmatlar tizimining samaradorligini ham yaxshilaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri