Foydalanilgan elektr va tabiiy gaz to‘lovidan bo‘yin tovlayotgan iste’molchilardan qarzdorlik undirishga doir sud qarorlari ijrosini ta’minlash borasida Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan muayyan ishlar qilinmoqda.
Buxoro viloyati Romitan tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 27 maydagi ijro varaqasiga asosan qarzdor “Buh Trans Vosita” MCHJdan undiruvchi “Hududgazta’minot” AJ foydasiga 83 million 457 ming so‘m asosiy qarz va oldindan to‘langan 21 ming 600 so‘m pochta xarajati, jami 83 million 478 ming 600 so‘m undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Romitan tumani bo‘limi ish yurituviga 2022 yil 10 oktyabr kuni kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Qarzdorga ijro hujjati mazmun mohiyati to‘liq tushuntirilib, tabiiy gazdan bo‘lgan qarzdorlikni bartaraf qilish uchun 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsa-da, qarzdorlik bartaraf qilinmagan.
Davlat ijrochilari tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishilgan. Olib borilgan ijro harakatlari natijasida joriy yilning 26 mart kuni qarzdor “Buh Trans Vosita” MCHJdan 83 million 478 ming 600 so‘m undirilib, hujjat ijrosi amalda ta’minlangan.
Hozirda elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molchilaridan qarz undirish bilan bog‘liq ijro harakatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA