English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarzdorlik uchun energiya resurslari tarmoqlaridan uzish qonunchilikda belgilab qo‘yilmoqda
13:09 / 2024-03-12

Mamlakatimizda yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali foydalanish, ularni talon-toroj qilish holatlarining oldini olish va sohaga investitsiyalarni jalb qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Parlament quyi palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi loyiha ham ayni masalalar bilan bog‘liq.

Deputatlar yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlari hamda ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.  

— Elektr energiyasi va gaz uchun qarzdorlik yuzaga kelganda sudlarga ariza kiritilishiga qadar qarzdorlikni undirish imkoniyatlaridan yetarli foydalanilmagani oqibatida fuqarolarning mulkiy huquqlariga zarar yetkazilmoqda, — dedi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktorining birinchi o‘rinbosari Shavkat Haydarov. — Eng achinarlisi, bir tomonlama asossiz hisoblangan qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudlarga ariza kiritilishiga sharoit yaratilmoqda.  

2023-yilda 3,5 mingta sud buyruqlari nizo bo‘lgani sabab bekor qilingan. Shu sabab ushbu qonun loyihasi bilan iste’mol qilingan energiya resurslari uchun majburiy to‘lovlarni undirish haqida ijro hujjatini berish to‘g‘risidagi ariza vakolatli organ yoki mansabdor shaxsga berilguniga qadar iste’molchining energiya resurslari tarmoqlaridan uzilganini tasdiqlovchi hujjatni majburiy tartibda ilova qilishga doir talabni iste’molchi jismoniy shaxslarga nisbatan ham tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, jismoniy shaxslar ham qarzdorlik sabab elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlaridan uzilishi qonunchilikda belgilab qo‘yilmoqda.  

Shuningdek, ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibini qarzdor jismoniy shaxslardan pochta xarajatlari uchun majburiy to‘lovlarni undirish to‘g‘risidagi sud hujjatlariga nisbatan tatbiq etish joriy etilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash jarayonining soddalashtirilishiga hamda inson omili aralashuvining kamayishiga, iste’mol qilingan yoqilg‘i-energiya resurslari uchun qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarining majburiy ijro etish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.  

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA