Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarzdorlik sabab avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi sotuvga chiqarildi
15:09 / 2022-09-28

Bu amaliy harakatdan so‘ng tadbirkor qarzini to‘laydimi?

Mamlakatimizda tadbirkorlar har taraflama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Moliya institutlari imtiyozli va teng shartlar asosida kreditlar ajratilib, ularning qaddini tiklab olishiga yaqindan ko‘maklashayotir. Bu mablag‘dan oqilona foydalanib, o‘z faoliyatini rivojlantirayotgan, yangi ish o‘rinlari barpo etgan tadbirkorlar safi kengayib bormoqda.

Biroq o‘zini “uddaburon” sanaydigan ayrim ishbilarmonlar olingan kreditlardan maqsadsiz foydalanish oqibatida tijorat banklari bilan tuzilgan shartnomani buzib, mablag‘ni qaytarishga kelganda “yer chizib” qolmoqda.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, Qiziriq tumanidagi “Sarvar-Oqil” mas’uliyati cheklangan jamiyati (korxonalar nomi o‘zgartirildi)dan muddatida to‘lanmagan 567 million 471 ming so‘m kredit qarzdorligini undirish va undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish belgilangan.

Majburiy ijro byurosi Qiziriq tuman bo‘limi olib borgan ijro harakatlari chog‘ida qarzdor jamiyatga tegishli bo‘lgan qurilishi tugallanmagan avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi borligi aniqlandi. Mulk xatlovga olinib, sotish uchun 625 million so‘m boshlang‘ich narx bilan elektron auksion savdolariga chiqarildi.

– Endilikda tadbirkor yaxshi niyatlar bilan qurilishini boshlagan inshootidan ajralib qolishi mumkin, – deydi MIB Qiziriq tumani davlat ijrochisi Sarvar Qo‘ziyev. – Aslida shartnoma lafz degani. Tijorat banki tadbirkorning ana shu lafziga ishonib, shartnoma tuzgan. So‘ragan kredit mablag‘ini bergan. Uni qonun yo‘li bilan undirib olish harakatini boshlagan. Afsuski, faoliyatimizda lafzida turmagan ishbilarmonlarga ham duch kelib qolamiz va tegishli ijro harakatlarini olib boramiz. Masalan, mazkur ish yechimini topayotganida bo‘limimizga yana bir ijro varaqasi kelib qoldi. Unda tumandagi xususiy korxonalardan biri tijorat bankidan olingan kreditning 837 million 55 ming so‘m qarzdorligini o‘z vaqtida to‘lamagani aks etgan edi. Bu masalani hal etish uchun tadbirkorning Rabatak mahallasidagi qarzdor korxonaga tegishli ma’muriy binosi xatlovga olinib, 1 milliard 250 million so‘m boshlang‘ich narx bilan auksion savdolariga chiqarildi.

Majburiy ijro organlari davlat ijrochilari qaltis yo‘lni tanlagan tadbirkorlarning bunday qarzdorliklarini undirish yuzasidan Surxondaryo viloyati bo‘ylab tegishli choralar ko‘rmoqda.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA