Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasining 2021 yil 20 martdagi ijro hujjatiga asosan, qarzdor “Elektrokimyozavod” QK AJdan soliq organi foydasiga 11 mlrd. 892 mln. 820 ming 300 so‘m soliq qarzi, fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining qaroriga asosan, 157 nafar ishchi-xodimga 683 mln. 554 ming so‘mlik ish haqlarini undirish haqidagi ijro hujjatlar Majburiy ijro byurosining Navoiy shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan edi.
– Ijro jarayonida jamiyat mutasaddi rahbarlari bu qarzdorlik bo‘yicha bir necha bor ogohlantirilgan, bank hisobraqamlariga davlat ijrochilari tomonidan elektron inkasso topshiriqnomalari yuborilgan, – deydi Byuroning viloyat boshqarmasi alohida muhim ishlar bo‘yicha sho‘’ba inspektori O‘tkir Avezov. – Ammo qarzdorlik belgilangan muddatlarda bartaraf etilmagan. Natijada jamiyat balansida bo‘lgan 11 ta bino va 1 ta KTP-110/10 kv. RP-1-3-5-6 nim stansiya xatlanib, elektron onlayn savdoda sotish uchun chiqarilgan. Ushbu mulklar 2021 yil 26 iyulda 3 mlrd. 496 mln. 543 ming 226 so‘mga sotilib, sotuvdan tushgan mablag‘lar qarzdorlikni qoplashga yo‘naltirildi va 157 nafar ishchi-xodimning ish haqlari to‘lab berildi.
Albatta, maqsad qaysidir korxonaning faoliyatiga to‘sqinlik qilish emas, joylarda qonun ustuvorligini ta’minlashdir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA