Qarz – qaytarilishi shart bo‘lgan majburiyat. Ammo bunga bepisand qarash holatlari uchrab turadi. Oqibatda esa qarzni majburan undirish choralari ishga tushadi.
– “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun davlat ijrochisi tomonidan belgilangan muddatning o‘tganligi majburiy ijro etish choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi, – dedi Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori Iskandar Saidqulov. – Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlari undiruvni qarzdorning pul mablag‘lariga va boshqa mol-mulkiga qaratadi. Bunda, mulk auksion orqali sotuvga qo‘yiladi va sotuvdan tushgan mablag‘ qarzdorlikka yo‘naltiriladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor mas’uliyati cheklangan jamiyat hisobidan “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki foydasiga 3 milliard 230 million so‘m qarz undirish va undiruvni garov mulki bo‘lgan noturar joy binosiga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda bino xatlanib, onlayn auksion savdosiga qo‘yilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining qaroriga asosan qarzdor Yu.R.dan bank foydasiga kredit qarzdorligini undirish va undiruvni garov mulki hisoblangan “KIA Sorento” rusumli avtotransport vositasiga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Yashnobod tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan ijro harakatlari natijasida avtotransport vositasi xatlanib, qarzdorlik evaziga onlayn auksion savdolariga chiqarildi. Sotuvdan tushgan pul mablag‘lari bank qarzdorligi hisobiga o‘tkazib berildi.
N.Abduraimova, O‘zA