Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan ish yurituvdagi fuqarolar manfaatlari yuzasidan qarzdorliklarni undirish borasida tegishli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida hududiy bo‘limlar ish yurituviga mazkur toifadagi jami 285,7 milliard so‘mlik 24 mingdan ortiq ijro hujjatlari kelib tushgan va ijro ishlari yuritilgan. Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida 3,2 mingga yaqin ijro hujjati tamomlanib, 12,3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ olingan.
Shuningdek, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan uy-joylari, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa inshootlar uchun hokimliklardan kompensatsiya pullari bilan bog‘liq 175 ta ijro ishi bo‘yicha jami 78,8 milliard so‘m mablag‘lar undirib berilgan.
Jumladan, Majburiy ijro byurosi Ohangaron tuman bo‘limi tomonidan Toshkent viloyati Ftiziatriya va Pulmonologiya shifoxonasi (qarzdor)dan undiruvchi shu shifoxonaning sobiq hamshirasi foydasiga 103 million so‘m bir martalik tovon puli to‘liq undirilgan. Bundan tashqari, MIBning Angren shahar bo‘limi tomonidan 2025 yilning birinchi choragi davomida bir qancha samarali ishlar amalga oshirildi.
Soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari bo‘yicha qarzdorlarga tegishli bo‘lgan “ANGREN AVTOBUS TAKSI SAROYI” MCHJ, “ANGREN KO'MIR INVEST” MCHJ, “O‘zbekko‘mir” AJ va “Angren IES” AJga tegishli jami 25 ta 3,3 milliard so‘mga baholangan ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari xatlangan. Ular “e-auksion.uz” savdo platformasidagi elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishi ta’minlangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, viloyat bo‘yicha 644 nafar fuqarolar foydasiga 5,1 milliard so‘mlik mablag‘lar, shu jumladan, 157 million so‘mdan ziyod ish haqlari hamda 3,4 milliard so‘mlik yetkazilgan zarar mablag‘lari undirilishi ta’minlangan.
A.Musayev, O‘zA