“Samarqand O‘zbekgazsuv qurilish” MCHJ va Toyloq tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi o‘rtasida bir qator shartnomalar tuzilgan. Shartnomalarga asosan tadbirkor buyurtmachi korxonaga kelishilgan xizmatlarni ko‘rsatgan. Ularning jami qiymati 11 milliard 299 million 784 ming 247 so‘mni tashkil etgan. Ammo shartnomalar shartlari bajarilgan bo‘lsada, korxona qarzdorlikning 7 milliard 346 million 747 ming 32 so‘m qismini to‘lab, qolganini to‘lashni paysalga solib kelgan.
Shartnoma shartlariga ko‘ra to‘lov kechiktirilgan har bir kun uchun majburiyatlar bajarilmagan qismining 0,5 foizi, biroq 30 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda penya to‘lash nazarda tutilgan. Shunga ko‘ra, MCHJ tomonidan joriy yil 17 fevral kuni Toyloq tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasiga korxonaning jamiyat oldidagi qarzdorligini to‘lab berish, aks holda asosiy qarz bilan birga penya undirish masalasida sudga murojaat qilinishi haqida talabnoma, keyinchalik bir necha bor ogohlantirish yuborilgan. Biroq korxona mas’ullari shunda ham ishim bitdi, eshagim suvdan o‘tdi qabilida ish tutib kelgan.
MCHJ rahbariyati buzilgan huquqlarini tiklash, ko‘rsatgan xizmatlari uchun ish haqini undirishda yordam so‘rab Toyloq tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi va o‘rganishlar davomida korxona chindan ham shartnoma shartlarini to‘liq bajarmagani tasdiqlandi. Adliya bo‘limi tadbirkor manfaatiga Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritdi.
Sud ishni har tomonlama ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 176-179, 180, 186-moddalarini qo‘llab korxona hisobidan tadbirkor foydasiga 3 milliard 693 million 37 ming 214 so‘m asosiy qarz va 105 million 29 ming 250 so‘m penya undirish majburiyatini yukladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA