Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarzdorligi bor tadbirkorlarga chora ko‘rilmoqda
18:39 / 2023-08-17

Toshkent viloyati Soliq boshqarmasi soliq qarzlarini undirishni tashkil qilish bo‘limi hamda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi xodimlari joylardagi qarzdorlarning mol-mulkini xatlash va soliq qarzini undirish tadbirlarini o‘tkazmoqda. Unda 20 nafardan ortiq xodimlar jalb etilgan bo‘lib, navbatdagi manzil Qibray tumanida ro‘yxatdan o‘tgan “Do‘rmon avtoyo‘l ixtisoslashgan yo‘llardan foydalanish” UKda tashkil etildi.

Mazkur korxona 2023 yil 15 avgust holatiga 2 milliard 652,7 million so‘m qarzdorligi mavjud. Mas’ullar tadbirkorga tegishli talabnomalar yuborgan. Unga ko‘ra, soliq majburiyatlarini belgilangan muddatlarda bajarilishi, aks holda soliq xizmati organlari tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan, 15 kundan so‘ng xatlov ishlari amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Biroq shunga qaramasdan haligacha qarzdorlik so‘ndirilmagan. Natijada soliq organi rahbari tomonidan chiqarilgan xatlov qarori bo‘yicha tashkilotga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalari xatlanib, jarima maydonlariga joylashtirildi.  

Shuningdek, Ohangaron tumanida ro‘yxatdan o‘tgan “Ohangaron Shohruh Fayz RSU-3” MCHJda ham xatlov tadbiri bo‘lib o‘tdi. Mazkur korxonaning 556,8 million so‘m qarzdorligi bo‘lgan. Korxona mutasaddilari tomonidan belgilangan muddatda qarzdorlik qoplanmagan. Shu asosda xatlov qarori chiqarilib, jamiyatga tegishli bo‘lgan og‘ir yuk avtotransporti soliq qarzdorligi hisobiga xatlandi.  

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Toshkent viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida 227,6 milliard so‘m soliq qarziga ega 500 ta ob’ektda xatlov tadbiri o‘tkazildi. Shundan 196 ta holatda 198,4 milliard so‘m mablag‘ undirildi. Shu bilan birga, 482 ta qarzdorning 296,7 milliard so‘m soliq qarzdorligi hisobiga mol-mulklari xatlandi. Aslida soliq xizmati organlari tomonidan soliq qarzdorligining ortib borishiga yo‘l qo‘ymaslik, soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish, mahalliy byudjetlarga tushumlarni ko‘paytirish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan ko‘zlangan maqsad kimnidir jazolash yoki birovning mulkini olib qo‘yish emas, aksincha mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi manfaatlarini himoya qilishga qaratilgandir. 

 

A.Musayev,O‘zA.