Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarzdor otalar qamaldi
14:31 / 2025-07-15

Sirdaryo viloyati Xovos tumanida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 12 nafar qarzdor otalarga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Sud qarorlariga asosan, ularning har biriga 15 sutkadan qamoq jazosi belgilandi.

– Har bir bola mehr va moddiy ta’minotga haqli. Konstitutsiyamizning 65-moddasiga muvofiq, ota-onalar farzandlarini voyaga yetgunga qadar moddiy jihatdan ta’minlashga majbur. Bu majburiyatni unutganlar amaldagi qonunlardan qochib qutula olmaydi. Aks holda, ulardan aliment mablag‘lari sud orqali majburiy tartibda undiriladi, – deydi Majburiy ijro byurosi Xovos tumani bo‘limi davlat ijrochisi Rustamjon Esanov.

Misol uchun, qarzdor I.X. farzandini moddiy jihatdan ta’minlashdan qochib, 18,9 million so‘m aliment to‘lovini amalga oshirmagan. Qarzdor Z.E. esa 13,8 million so‘m miqdoridagi aliment majburiyatini bajarmagan. Ushbu holatlar yuzasidan sud qarorlari chiqarilib, tegishli jazo choralari qo‘llanildi.

Eng muhimi, Majburiy ijro byurosining Xovos tumani bo‘limi tomonidan voyaga yetmaganlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida olib borilayotgan izchil ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida jami 3,1 milliard so‘m miqdorida aliment puli undirilib, haqdorlarga yetkazildi.

G‘ulom Primov,  

O‘zA muxbiri