Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyat boshqarmasi va hududiy bo‘limlari tomonidan tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, sud qarorlarining o‘z vaqtida va so‘zsiz ijrosi ta’minlanib kelinmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida yuridik shaxslar foydasiga 24 mingdan ortiq ijro hujjati bo‘yicha 345 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirilishi ta’minlangan.

Jumladan, qarzdor “T.Ch.P.” MCHJdan undiruvchi “Q.” AJ foydasiga Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining ijro hujjatlariga asosan jami 7 milliard 36 million so‘mdan ko‘proq mablag‘ undirish belgilangan.
Ushbu ijro hujjati yuzasidan Byuroning Karmana tuman bo‘limi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida jamiyat rahbari ushbu qarzdorlikni to‘lash yuzasidan bir necha bor ogohlantirilsada, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan. Natijada qarzdor tashkilotning bank hisobraqamlariga elektron inkasso topshiriqnomalar yuborilgan va barcha mol-mulklari taqiqqa olinib, xatlangan.

Qarzdorlik to‘lanmaganligi sababli, “T.Ch.P.” MCHJga tegishli Nurota tumanida joylashgan “Intensiv bog‘ hamda yordamchi binolar” 22 milliard 186 million 665 ming so‘mga baholanib, elektron onlayn auksion savdosiga sotish uchun chiqarildi.
Sotuvdan tushgan mablag‘ qarzdorlikni qoplash uchuna yo‘naltiriladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri