Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarshilik yoshlar IT sohasida natijalarga erishmoqda
12:08 / 2024-10-14

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qarshi shahrida joylashgan “IT City Academy” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur markaz 2021 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dastlab 3 nafar xodim bilan ish boshlagan. Bugungi kunda esa markazda 30 dan ziyod yosh ish bilan ta’minlangan. Shulardan 10 nafari akademiyada ta’lim olayotgan bo‘lsa, 20 nafari hozir dasturchilik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. 2021 yildan buyon markazning ta’lim dasturlariga 1000 nafar yosh jalb qilingan, ulardan 100 nafari o‘quv dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan.

Markazning asosiy maqsadi  kelajakda ta’lim sohasida innovatsion yo‘nalishlarni kengaytirish, chet el mutaxassislarini jalb qilish va yoshlarni xalqaro miqyosda talab yuqori kasblarga o‘qitishdir. Shuningdek, kelajakda yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlashga qaratilgan maktab ochish rejasi ham mavjud.

Markazda bir qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Misol uchun, bookers.uz – onlayn sartaroshxonalarni oldindan band qilish va ularning faoliyatini tizimlashtirish platformasi; gts1.uz – geodeziya sohasiga ixtisoslashgan platforma; QR Pay tizimi – rossiyalik mehmonlar uchun onlayn to‘lov tizimi; gpsolutions.uz – Dubaydagi kompaniya uchun ishlab chiqilgan professional veb-sayt.

Vazir Sherzod Shermatov markazning yutuqlari bilan tanishib, uning kelgusidagi rejalariga qiziqdi. Markazda yangi innovatsion yo‘nalishlarni ochish, chet el mutaxassislarini jalb qilish orqali yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish, shuningdek, IT-shaharcha barpo etish orqali 400 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish va masofaviy xizmatlar eksportini kengaytirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Shuningdek, markaz jamoasi xalqaro bozorda yirik IT yechimlar yaratish va yil oxirigacha bir qator xalqaro loyihalar shartnomalarini imzolashni rejalashtirayotganligini bildirdi.  

Vazir Shermatovning tashrifi davomida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatning IT eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha muhim masalalar muhokama qilindi.

Markaz nafaqat Qarshi shahrida, balki O‘zbekistonning IT sohasi rivojlanishida muhim o‘rin tutmoqda. Ushbu markaz O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi IT bozorida raqobatbardoshligini mustahkamlash yo‘lida faol harakat qilmoqda.

Nigora Rahmonova,  

O‘zA muxbiri