Qashqadaryo viloyatiga xizmat safari davomida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Qarshi shahridagi Yoshlar texnoparkiga tashrif buyurib, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif chog‘ida texnoparkda faoliyat yuritayotgan xalqaro IT-kompaniyalarning ish jarayonlari, eksportga yo‘naltirilgan xizmatlari hamda yoshlar bandligini ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi ko‘zdan kechirildi.

Jumladan, xorijiy buyurtmachilarga masofadan IT xizmatlar ko‘rsatayotgan va hozirda 20 nafardan ortiq yoshlarni ish bilan ta’minlagan “IT-call Qarshi” MCHJ faoliyati taqdim etildi. Shuningdek, AQSH bozoriga yo‘naltirilgan IT xizmatlari orqali 70 nafardan ziyod yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlab kelayotgan “Data Drive” MCHJ tajribasi bilan ham tanishildi.

Mazkur kompaniyalar misolida Qarshi shahrida xalqaro IT-autsorsing, masofaviy ish modeli hamda eksportga yo‘naltirilgan xizmatlarni rivojlantirish uchun yetarli imkoniyat va salohiyat mavjud ekani yaqqol namoyon bo‘ldi.
Eng muhimi, bunday loyihalar yoshlar uchun barqaror daromad manbai, xalqaro mehnat bozoriga chiqish, amaliy tajriba orttirish hamda zamonaviy raqamli kasblarni egallash uchun imkoniyatlar yaratmoqda.

Bugun Yoshlar texnoparki nafaqat zamonaviy infratuzilma, balki yosh iste’dodlar, xalqaro IT-kompaniyalar va davlat siyosatini o‘zaro bog‘lovchi muhim platforma sifatida shakllanib bormoqda. Bu esa hududlarda raqamli iqtisodiyot va IT ekotizimini kengaytirish, yangi investorlar va ish beruvchilarni jalb etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA