Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarshida yoshlar harbiy xizmatga kuzatildi
11:50 / 2026-03-05

O‘zbekiston fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish haqidagi Prezident qaroriga muvofiq hududlarda chaqiruv yoshidagi fuqarolarni milliy armiyamiz safiga tantanali kuzatish marosimlari boshlandi.

Shu munosabat bilan Qarshi shahridagi safarbarlik chaqiruv rezervi batalonida muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketayotgan yoshlarni kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondoni, Qashqadaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik hamda yosh askarlarning ota-onalari ishtirok etdi.

Tantanali marosim davlat madhiyasi sadolari ostida boshlandi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan harbiy islohotlar, Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlanganidek, harbiy xizmatni o‘tash har bir yigitning sharafli va mas’uliyatli burchi bo‘lib, u mardlik, fidoyilik, intizom va matonat maktabidir.

Jamoatchilik vakillari va ota-onalar Vatan himoyasi uchun xizmatga yo‘l olgan yigitlarga muvaffaqiyat, mustahkam iroda va sadoqat tiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 2026-yilning mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi. Shuningdek, belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilar ham shu davrda Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilishi rejalashtirilgan.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri