Bu haqda Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar bo‘limi ish yurituvidagi Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 6.01.2022 yildagi ijro varaqasiga asosan, Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 15 iyuldagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning tegishli bandlariga asosan, iste’molga yaroqsiz deb topilgan alkogol mahsulotlarini yo‘q qilish bo‘yicha tadbir o‘tkazilgan.
Unda viloyat soliq boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi viloyat boshqarmasi hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 164-moddasi 1-qismi va 186/1-moddasi bilan huquqbuzar deb topilgan O.Xodjayevga nisbatan bo‘lgan ma’muriy ish bo‘yicha huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan hisoblangan bahosi 4 million 91 ming so‘mlik jami 349 dona aroq, vino va pivo hamda boshqa turdagi spirtli ichimliklar taqdim qilindi.
Shu kuni, tomonlar ishtirokida sifati kafolatlanmagan va iste’molga yaroqsiz bo‘lgan alkogol mahsulotlari Qarshi shahar hududida joylashgan chiqindilar poligonida belgilangan tartibda yo‘q qilingan.
O‘lmas Barotov, O‘zA