FOTOREPORTAJ
Qarshi shahrining kuzaklari o‘z bag‘riga betakror bir iliqlikni yashirgan. Xalqimiz azaldan uni “tirama” deb ataydi. Tirama – fasllar aro muallaq turgan bir fursatki, qishning muz nafasidan darak berib turuvchi, tabiatning so‘nggi mehr to‘la quchog‘idir. Go‘yo kuz o‘rnini qishga bo‘shatishga shoshilmay, insonlar bilan yana bir bor xayrlashish zavqini tuyayotgandek.
O‘zbek tilining durdona izohli lug‘atlarida “tirama” kuzning so‘nggi oftobli kunlari, qishdan avvalgi iliqlik fasli sifatida ta’riflangan. Uning dildosh sinonimi “tiramoh” bo‘lib, aksar vodiy zaminlarda uchraydi. “Tirama” esa janubiy viloyatlarda, xususan, Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqandda keng tarqalgan. Bu so‘z xalqimizning so‘z boyligidan adabiy tilga ko‘chib o‘tgan bo‘lib, ko‘pincha nuroniy otaxon va onaxonlarimiz tilida eshitiladi: “Bu yil tirama uzoqqa cho‘zildi”, “Tirama ado bo‘ldi, qish yaqin” kabi hikmatli iboralar el orasida mashhur.
[gallery-26461]
Tirama – shabada qo‘lidagi tillarang barglar, ularni bir zum silab, keyin tuproqqa topshiradi. U – quyoshning so‘nggi tabassumi, go‘yo olam bilan xayrlashib, qishga yo‘l ochmoqda. Xazonrezgi – umrning bevafo o‘tkinchiligi, har bir yaproqning yerga tushishi, bir xotiraning yakuni, bir davrning so‘nggi sahifasi.
Tirama – kuzning so‘nggi shiviri, qishning esa hali eshitilmagan qadamidir. Bu davr odamlar uchun nafaqat ob-havo, balki ruhiy holat, xotira va hayot falsafasining mo‘’jizasidir. Xazonrezgi, mayin shabada va shahar ko‘chalaridagi manzaralar – barchasi vaqtning o‘tkinchiligi, go‘zal va takrorlanmas lahzalarning qadri haqida o‘ylashga undaydi.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA