FOTOREPORTAJ
Qarshi tongi… Atrof sukunatga cho‘mgan. Jimjitlik, daraxtlar muz nafasidan qaltiraydi. Ammo bu sukunat zarracha ham sovuq emas, aksincha, u ertakning sehrli debochasi, hayratomuz sarguzashtning ilk sahifasi. Qor yog‘ar… Har bir parcha go‘yo osmondan tushgan dil so‘zlari, tabiatning sokin, betakror qo‘shig‘i.
Shunday oppoq, beg‘ubor manzara bag‘rida bir nihol – qizil salviya ko‘z ochgan. U qor qoplami ostida, ayozli havoda ham o‘z jozibasini, rangini yo‘qotmagan. Go‘yo kuzning so‘nggi nafasi, qishga qarshi mardonavor kurashayotgan olov misol go‘zallik. Gul qishning qahriga bepisand tabassum qiladi. Bu – Qarshi, bu zamin fasllararo do‘stlik, mehr-oqibat maskani. Bu yerda fasllar bir-biriga suyanch bo‘ladi, hech qachon inkor etmaydi. Qor ostidagi gul – bu shahar ruhining yorqin timsoli.
Ko‘chada shodon qiyqiriq eshitildi. Bir to‘da o‘g‘il-qiz qorbo‘ron o‘ynamoqda. Atrof oppoq olam, shoxlarda billur muzlar, havoda sokinlik hukmron. Ammo ularning ko‘zlarida hayajon, cheksiz quvonch ufurib turibdi. Qor ularga – o‘yin-kulgu, yangi sarguzashtlar olami. Qish – kattalar uchun qahraton bo‘lsa, bolalar uchun sehrli ertakdir.
[gallery-26862]
Qarshi qishida ajoyib bir ertak yashirin. Bu ertak – bolalikning shodon kulgusi, gulning hayotga tashnaligi, yaproqdagi sabr-toqat. Bu ertak – oppoq sukunat qa’rida yashirin hayot. Va biz, bu ertak guvohlari, har bir qor parchasida alohida bir hikoya borligini anglaymiz.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA