Majburiy ijro byurosi tomonidan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish, noqonuniy ishdan bo‘shatilgan shaxslarni avvalgi ish joyiga tiklash hamda ularga tegishli ish haqlarini undirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Navbatdagi ijro harakatlari Byuroning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan ta’minlandi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2026-yil yanvardagi qaroriga asosan da’vogarni o‘zi ishlab kelgan bankning Yakkabog‘ bank xizmatlari markazidagi avvalgi lavozimiga tiklash hamda ish haqini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuro ish yurituviga qabul qilingan.
Ijro harakatlari davomida bank rahbariyatiga sud qarorini ixtiyoriy tartibda bajarish bo‘yicha bir necha bor ogohlantirish berilgan. Sud hujjati ijrosidan bo‘yin tovlangani sababli mas’ul shaxslarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, sud qaroriga muvofiq, majburiy progul davri uchun qariyb 39 million so‘m ish haqi undirish belgilangan. Qarzdor tashkilotning ayrim mol-mulklariga taqiq qo‘yilib, texnik vositalari xatlandi va ularni realizatsiya qilish choralari ko‘rildi. Natijada sud qarori ijrosi ta’minlanib, xodim o‘z ish joyiga tiklandi.
Bundan tashqari, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumanlararo sudining yana bir qaroriga asosan bir fuqaro mazkur bankdagi avvalgi lavozimiga tiklandi. Davlat ijrochilari tomonidan ushbu sud qarori ijrosi ham to‘liq ta’minlandi.
Shuningdek, tibbiyot markazining viloyat filialida ishlab kelgan G‘uzor tumani fuqarosini pullik xizmatlar xazinachisi lavozimiga qayta tiklash bo‘yicha ham majburiy ijro harakatlari amalga oshirildi. Bir necha soat davom etgan ijro jarayoni yakunida sud qarori amalda bajarilib, fuqaroning mehnat huquqi tiklandi.
Majburiy ijro byurosi tomonidan mehnat huquqlarini himoya qilish, sud qarorlarining so‘zsiz va o‘z vaqtida ijrosini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri