Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarshida “Besh tashabbus” olimpiadasining voleybol musobaqasi start oldi
12:06 / 2022-06-22

“Yoshlar oyligi” munosabati bilan besh bosqichli “Besh tashabbus” olimpiadasi doirasida voleybol bo‘yicha Respublika bosqichi musobaqalariga Qarshi shahri mezbonlik qilmoqda.

Qarshi olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejida start olgan bellashuvlarda 16-21 hamda 22-26 yosh toifalari bo‘yicha barcha viloyatlar, Toshkent shahri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 2 tadan jamoalar ishtirok etmoqda.

Qayd etish joizki, har bir jamoa vakillari o‘z mahallalari nomidan ishtirok etmoqda. Xususan, jamoalar Respublika bosqichiga yetib kelgunga qadar mahalla, sektor, tuman (shahar) hamda viloyat bosqichlaridan o‘tib, Respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. O‘z navbatida musobaqaning besh bosqichli “Besh tashabbus” olimpiadasi deb nomlangani ham shundan.

Olimpiadaning mahalla bosqichiga fevral oyidan start berilib, mart oyida sektor, aprel oyida tuman (shahar) hamda may va iyun oyining 10 sanasiga qadar viloyat bosqichlari o‘tkazildi.

[gallery-7662]

Jamoalarni shakllantirishda mahallalardagi yoshlar yetakchilarining o‘rni va roli ahamiyatli. Yoshlar yetakchilari o‘zlari yetakchilik qilayotgan mahalla hududidan sportchi yoshlarni saralab, jamoalarni shakllantirdi. Masalan, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Denov MFY yoshlar yetakchisi Farhod Ahmadqulov 16-21 yosh toifasi bo‘yicha, tumanning Ko‘xsor MFY yoshlar yetakchisi Dilshod Shukurov 22-26 yosh toifasi bo‘yicha Respublika bosqichi ishtirokchisi hisoblanadi. Yuqorida qayd etilganidek, ushbu yoshlar yetakchilari o‘z jamoalarini mahalla, sektor, tuman hamda viloyat bosqichlaridan muvaffaqiyatli olib o‘tib, Respublika bosqichigacha olib keldi.

Besh bosqichli “Besh tashabbus” olimpiadasining Respublika bosqichi O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamda agentlikning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi, Respublika sportni rivojlantirish vazirligi hamda viloyat sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Musobaqalar davom etmoqda.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA