Qarshi Muhandislik-iqtisodiyot institutida Qarshi garnizonida xizmat o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda beriladigan imtiyozlar bo‘yicha test sinovlari tashkil etildi.
Sinovlarning halol va shaffof tarzda o‘tishini ta’minlash maqsadida belgilangan har bir xonada nazoratchi shaxslardan tashqari video kuzatuv moslamalari ham o‘rnatilgan. Mas’ullar tomonidan askarlarga tegishli ma’lumot va ko‘rsatmalar berilgach, muhrlangan savollar ochildi.
Yigitlik burchini bajarishga kirishgan kundan boshlab muddatli harbiy xizmatchilarga malakali ofitser va serjantlar tomonidan jismoniy tayyorgarlikdan tashqari turli yo‘nalishlarda nazariy bilimlar ham muntazam berib boriladi.
Test sinovlarida erishilgan natijalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan baholanadi. Shuningdek, askarlarning xizmati davomida harbiy qismida ko‘rsatgan natijalari, ijobiy xulqi ham inobatga olinib harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga munosibligi belgilanadi.
[gallery-10383]
Ma’lumki, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasini olgan muddatli harbiy xizmatchilar respublikamizning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga, respublikaning oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirishi uchun tegishli o‘quv yiliga tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida ajratilgan qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
- Harbiy xizmatchi har tomonlama yetuk, salohiyatli bo‘lishi lozim, - deydi andijonlik, oddiy askar Ulug‘bek Rahimov. – Bugun nazariy bilimlarimizni yana bir bor sinovdan o‘tkazdik. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy Aviatsiya bilim yurtida muddatli harbiy xizmatni o‘tayapman. Kelgusida shu bilim yurtida o‘qishni davom ettirishni maqsad qilganman.
Bugun milliy armiyamiz yoshlar uchun tom ma’noda er-yigitlik, vatanparvarlik maskani bo‘lib xizmat qilmoqda. Muddatli harbiy xizmatchilarga berilayotgan bu kabi imtiyoz va imkoniyatlar esa ularning harbiy vatanparvarlik hislarini yanada mustahkamlashga, o‘z xizmat vazifalariga sidqidildan yondashishlari uchun xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA